O‘zbekiston | 23:50 / 29.12.2025
532
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomobilni chet elga olib chiqish tartibining o‘zgarishi va tibbiyot xodimlariga yangi imtiyoz – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Avtomobilni chet elga olib chiqish tartibi o‘zgardi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan hukumatning «Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ularga ko‘ra, avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish ishonchnomalarida ishonchnoma berilgan shaxsda transport vositasini chet elga olib chiqish huquqi mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi yozuv alohida ko‘rsatilishi shart.

Bu o‘zgarish so‘nggi paytlarda O‘zbekistondan mashinalar chet elga olib chiqilib, sotib yuborilishi bilan bog‘liq holatlari ko‘paygani fonida amalga oshirildi. Ushbu huquqiy bo‘shliq firibgarlarga imkon yaratib berayotgan edi. Kun.uz bu haqda bir nechta surishtiruv e’lon qilgan edi.

Tibbiyot xodimlari farzandi ta’lim kontraktining 30 foizi qoplab beriladi

2026 yil 1 yanvardan boshlab kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat bosqichida o‘qisa, ularning yillik kontrakt to‘lovining 30 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Biroq kompensatsiya miqdori BHM 15 baravaridan oshmaydigan qismi doirasida amal qiladi.

Qonunchilikka ko‘ra, ushbu qo‘llab-quvvatlash chorasi tibbiyot va farmatsevtika sohasida uzoq yillar mehnat qilgan xodimlarni rag‘batlantirish, shuningdek, ularning farzandlarini oliy ta’lim bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

O‘zini distribyutor deb tanitgan Xayrullo Shokirov yirik miqdordagi firibgarlikda gumonlanmoqda

Toshkent shahri IIBB ijtimoiy tarmoqlarda Xayrullo Shokirov nomi bilan tanilgan shaxsning faoliyati yuzasidan tergov boshladi. U anor sharbati va boshqa ichimliklardan katta foyda va’da qilib, fuqarolarning mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Yetkazilgan zararning qiymati xabarda keltirilmagan.

IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Xayrullo Shokirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.

Shokirov gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Suv tanqisligi tufayli O‘zbekiston GESlarida elektr energiyasi ishlab chiqarish kamaydi

O‘zbekistondagi gidroelektr stansiyalarida suv tanqisligi tufayli elektr energiyasi ishlab chiqarish kamaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.

Deputat Saydullo Azimov gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarishning kamayib borayotganiga urg‘u berib, bunga nima sabab bo‘lgani bilan qiziqdi.

«Suv kelishi 35 foizga kamaydi. Yirik gidroelektr stansiyalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarishning o‘tgan yilga nisbatan kamayishiga asosiy sabab shu», deb ta’kidladi Mirzamahmudov.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, suv energiyasini jamlash stansiyalarini qurish ham rejalashtirilyapti. O‘z navbatida yirik gidroelektr stansiyasini qurish 6 yildan 10 yilgacha davom etadi, shu jihatdan qisqa muddatda barqaror energiya ta’minotining eng arzon usuli «yashil» energetika hisoblanadi.

Mavzuga oid