Shaxsiy hayotingizni, sirlaringizni adolatli insonga ishongan bo‘larmidingiz? Aytaylik, ijtimoiy tarmoqlar, sizdagi qurilmalar, foydalanayotgan dasturlaringiz yaxshi odamlarning qo‘lida deb o‘ylaysizmi? Agar pardalar ortida “yomon amakilar” turgan bo‘lsa-chi? Bugun biz “5 daqiqa”da Den Braunning “Raqamli qal’a” romani haqida gaplashamiz.
Asar voqealari dunyoning eng maxfiy tashkilotlaridan biri — AQSh Milliy xavfsizlik agentligi ichida boshlanadi. U yerda har bir ovoz, har bir raqam, har bir xabar kuzatiladi. Ana shu joyda kriptografiya bo‘yicha eng kuchli mutaxassislardan biri, IQ darajasi juda yuqori bo‘lgan Syuzan Fletcher ismli go‘zal xonim ishlaydi. O‘sha sohibjamol sizni AQShning “temir devorlari” ortiga nazar tashlashingizga yordam beradi.
Kriptograf Ensey Tankado Ispaniyada shubhali o‘lim topadi. U xavfsizlik agentligida ishlagan, keyin esa tashkilotni tark etib, butun dunyoga shov-shuv soladigan da’vo qiladi. Tankado shunday kod yaratganki, uni hech qanday superkompyuter buzib o‘ta olmaydi. Bu shifr agar ochilmasa, Milliy xavfsizlik agentligining global tizimi ishdan chiqadi. Agar ochilsa, agentlik butun dunyo aloqalarini mutlaq nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Mutlaq nazorat uchun kurash
Milliy xavfsizlik agentligi rahbariyati kodni ochishga urinadi. Ammo “TRANSLTR” deb atalgan ulkan superkompyuter ham kod oldida ojiz qoladi. Tizim qizib, ma’lumotlar yonib ketish xavfi paydo bo‘ladi. Syuzan Fletcher buni birinchi bo‘lib his qiladi. U kodni ochish bilan nafaqat tizimni, balki inson erkinligini ham yo‘q qilish mumkinligini anglaydi.
Bir vaqtning o‘zida voqealar ikkinchi yo‘nalishda ham rivojlanadi. Syuzanning qallig‘i — tilshunos va ramzlar bilan ishlaydigan Devid Bekker Ispaniyaga yuboriladi. U kod muallifi Tankado qoldirgan sirning tagiga yetadi. Quvg‘inlar, xiyonatlar, yolg‘on yo‘l-yo‘riqlar orqali Bekker ham kod ortidagi haqiqiy maqsadni anglaydi.
Asarning dramasi shundaki, Milliy xavfsizlik agentligining ichida ham yagona fikr yo‘q. Kuch ishlatish tarafdori bo‘lgan Greg Heyl kabi shaxslar uchun maqsad hamma narsani oqlaydi. Ular uchun erkinlik ikkinchi darajali tushuncha. Stratmor esa davlat xavfsizligi bilan vijdon o‘rtasida qolgan rahbar sifatida tasvirlanadi. U tizimga, tizimning qudratiga haddan ortiq ishonib yuboradi. Hammani nazorat qilish mumkin bo‘lgan kuchga erishish uchun qonunlarning ham, inson daxlsizligining ham unga hech qanday ahamiyati yo‘q.
















