O‘zbekiston | 19:30
725
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda O‘zbekistonda 1854 kishi YTH qurboni bo‘ldi

Yo‘llarda eng ko‘p o‘lim holati Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilgan. Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida YTH oqibatidagi o‘limlar soni 2024 yilga nisbatan oshgan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

O‘zbekistonda 2026 yil yanvar oyining 11 kunida 45 kishi YTH oqibatida vafot etdi. Shundan 8 ta o‘lim holati Toshkent viloyatida qayd etildi.

Oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramay, O‘zbekistonda YTH qurbonlari soni yuqoriligicha qolmoqda.

Kun.uz tanishgan hisobotga ko‘ra, 2025 yilda respublika bo‘yicha 1854 kishi yo‘llarda halok bo‘lgan. 7391 kishi esa turli darajada tan jarohati olgan. O‘tgan yilda sodir etilgan YTHlar soni 9245 tani tashkil qildi. Birgina 2025 yilning dekabr oyida respublika bo‘ylab 190 nafar inson yo‘llarda vafot etgan.

Taqqoslash uchun, 2024 yilda 9364 ta YTH sodir etilib, ularda 1869 kishi vafot etgan hamda 7495 nafar shaxs tan jarohati olgan.

2025 yilda hududlar kesimida YTHdan eng ko‘p o‘lim holati Samarqand viloyatida kuzatilgan – 242 ta. Toshkent viloyatida 225 ta, Farg‘onada 199 ta va Surxondaryoda 167 ta o‘lim holati kuzatilgan.

2024 yil bilan taqqoslaganda YTHdan o‘lim holatlari Buxoro (+1), Farg‘ona (+3), Surxondaryo (+8), Qashqadaryo (+14), Xorazm (+40) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+13) oshgan. Eng kam o‘lim holati kuzatilgan hududlar sifatida esa Sirdaryo (47 kishi), Navoiy (67 kishi) va Buxoro (72 kishi) viloyatlari qayd etilgan.

Mavzuga oid