O‘zbekiston | 23:16 / 16.01.2026
690
4 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p kitob o‘qigan xodimga mukofot va poyezd chiptasi narxining oshishi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, barcha vazirlik va idoralarda kitobxonlik madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan qator choralar belgilandi.

Jumladan, 2026 yil 1 martga qadar har bir idorada tegishli soha bo‘yicha tavsiya etiladigan kasbiy adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi. Har yili kamida 3 tadan kasbiy xorijiy adabiyot mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilinib, mutaxassislar ishtirokida izohlar, lug‘at va misollar bilan boyitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yil 1 aprelga qadar idora va tizim tashkilotlarida “Kitob burchagi” tashkil etiladi hamda xodimlar uchun har oy “Kitob o‘qish soati” joriy etiladi, kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi ishga tushiriladi. Tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.

Chiqindi xizmati qarzdorligi bo‘yicha ommaviy SMS-ogohlantirish boshlandi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 15 yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha chiqindi xizmati bo‘yicha shakllangan 9,3 mlrd so‘m debitor qarzdorlik yuzasidan 118646 ta abonentga “Hududiy elektr tarmoqlari” 2100 qisqa raqamidan SMS ogohlantirish yuborilganini ma’lum qildi.

Ogohlantirishdan so‘ng, 5 kun ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov o‘rnatiladi.

Ma’lumot uchun: mazkur tartib 2025 yil 1 iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun amal qiladi. Ayni tizim esa 2025 yil 1 noyabrdan boshlab oyma-oy qo‘llab kelinmoqda.

1 fevraldan poyezd chiptalari narxi ko‘tariladi

«O‘zbekiston temiryo‘llari» aksiyadorlik jamiyati 1 fevraldan mamlakat ichida qator yo‘lovchi poyezdlari bileti narxi oshirilishini e’lon qildi.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari, «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 15 foizga ko‘tariladi.

Narxning oshirilishi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar xarajatlari oshgani, elektr energiyasi va ekspluatatsiya xarajatlarining ko‘paygani, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash hamda xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni davom ettirish zarurati, elektropoyezdlar infratuzilmasini saqlash va doimiy modernizatsiya qilish ishlari bilan izohlanmoqda.

Mahkumlarga masofali video-uchrashuvdan foydalanish huquqi berildi

Jinoyat-ijro kodeksiga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlarning masofali video-uchrashuvdan foydalanish huquqini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Endi mahkum o‘z shaxsiy mablag‘i hisobidan to‘lanadigan, 15 daqiqa davom etadigan 1 marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashish huquqiga ega bo‘ldi.

Ilgari mahkumning faqatgina 15 daqiqa davom etadigan 1 marta telefon orqali so‘zlashish huquqiga egaligi belgilangan edi.

Mavzuga oid