O‘zbekiston | 00:37
2619
5 daqiqa o‘qiladi

Infarkt bilan insultga qarshi dastur va firibgarlardan himoya choralari – mahalliy dayjest

1 fevraldan professional tutingan oila xizmati joriy etiladi, infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi ishga tushiriladi, firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kredit endi jabrlanuvchidan undirilmaydi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Unda “Stent for Life” va “Action Plan for Stroke” xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi 2026 yil 1 maydan boshlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1 oktyabrdan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2027 yildan esa boshqa hududlarda amaliyotga joriy etilishi ma’lum qilindi.

Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish hamda natijasiga ko‘ra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish algoritmlari va klinik marshrutlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.

1 fevraldan professional tutingan oila xizmati joriy etiladi

2026 yil 1 fevraldan zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan, o‘z hayoti va sog‘lig‘iga tahdid mavjud bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan bolalarni himoya qilish maqsadida professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Qayd qilinishicha, mazkur tizim bolalarga vaqtinchalik xavfsiz muhit yaratish, ularni davlat muassasalariga joylashtirmasdan, oila muhitida parvarishlash va tarbiyalash imkonini beradi. Yangi mexanizm, avvalo, zo‘ravonlikka uchragan bolalar, oilasida qolishi xavfli bo‘lganlar, hamda ijtimoiy xavfli ahvoldagi bolalar uchun mo‘ljallangan. Bunda bolani muvaqqat joylashtirish, uning xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash asosiy maqsad qilib belgilangan.

Firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kredit endi jabrlanuvchidan undirilmaydi

Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan yangi nizomga muvofiq, agar fuqaro nomiga onlayn kredit frod (firibgarlik) natijasida rasmiylashtirilgan bo‘lsa va u surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, kredit tashkiloti mazkur kredit va unga oid foizlarni hisoblash hamda undirishni to‘xtatishi shart.

Shu bilan birga, kredit tashkiloti yetkazilgan moddiy zararni frod holatini sodir etgan shaxsdan regress tartibida undirish huquqiga ega. 

Biroq surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud qarorlari asosida frod holati mavjud emasligi aniqlansa, kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblash hamda undirishni qaytadan davom ettiradi.

Namanganda ishchi halok bo‘lgan sement zavodidan tovon puli undirildi

Namangan tumanidagi sement zavodi xodimining vafoti haqida Kun.uz e’lon qilgan materialdan keyin, Mehnat inspeksiyasi tekshiruv o‘tkazdi.

Avvalroq, 18 yoshli Bahrom Hoshimov “Toshbuloq invest group” korxonasiga tegishli maxsus qorishma saqlanadigan 17 metrli maxsus “bunker”ni tozalash vaqtida vafot etgan, baxtsiz hodisani tekshirgan maxsus komissiya ishchining o‘zi aybdor ekani haqida xulosa qilgan edi.

Mehnat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan qayta tekshiruv o‘tkazilgan va baxtsiz hodisa sabablari qayta rasmiylashtirilib, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli talablarini bajarmasdan, ularning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tekshiruv materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. Shuningdek, korxonadan marhum Bahrom Hoshimovning oila a’zolariga 500 million so‘m miqdordagi tovon puli to‘lab berilgan.

Oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi yuritiladi

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibini belgilaydigan nizom loyihasini ishlab chiqdi. 

Loyihaga ko‘ra, milliy reytingda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkil etilganiga kamida uch yil bo‘lgan va bitiruvchilari mavjud oliy ta’lim tashkilotlari ishtirok etadi. Bunda oliy harbiy va harbiylashtirilgan, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari mustasno qilinadi.

Hujjatda qayd etilishicha, reyting agentlikning maxsus dasturiy ta’minoti — maxsus platforma orqali yuritiladi.

Mavzuga oid