O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp G‘azodagi urush tugaganini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azo sektorida urush tugaganini e’lon qildi. «Yodingizda bo‘lsa, biz yettita mojaroni hal qildik. Bu sakkizinchisi. Hammadan ham Rossiya–Ukraina osonroq bo‘ladi deb o‘ylagandim. O‘ylaymanki, bu ham amalga oshadi», dedi Tramp jurnalistlarga.

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, shu hafta oxirida Misrga yetib boradi va G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha to‘liqroq kelishuv imzolanadi. Shuningdek, u ikki yil oldin Hamas tomonidan garovga olingan barcha isroilliklarni dushanba-seshanba kunlari ozod qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.

AQSh prezidenti G‘azo boy arablar hisobidan to‘liq qayta qurilishini e’lon qildi. «Bu mintaqada ba’zi mamlakatlar ulkan boyliklarga ega... Ular qiladigan ish G‘azo uchun mo‘jiza bo‘ladi», dedi Tramp.

Reutersʼning yozishicha, Donald Tramp dunyodagi boshqa yetakchilar uddalay olmagan ishni amalga oshirdi: Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni kengroq tinchlik bitimining birinchi bosqichini qabul qilishga majbur qilib, boshqa Yaqin Sharq davlatlarini Hamasga bosim o‘tkazishga ko‘ndirdi.

«Bosimsiz hech qanday bitim bo‘lmasdi. Bibi Trampga «yo‘q» deya olmaydi», dedi Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq maslahatchi Dennis Ross.

AQSh milliy razvedkasi idorasi sobiq rasmiysiga ko‘ra, Tramp va undan avvalgi prezident Jo Bayden davrida buzilgan boshqa bitimlar singari bu safargi kelishuvni ham barqaror ushlab turish uchun prezident va uning xavfsizlik jamoasidan uzluksiz, puxta mehnat talab etiladi.

8 oktyabr kuni Tramp Isroil va Hamas G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichini imzolaganini ma’lum qilgandi.

Hamas payshanba kuni vositachilar va AQSh ma’muriyatidan G‘azodagi urush to‘liq yakunlanganiga kafolat olganini ma’lum qildi.

«Biz vositachilar bo‘lgan birodarlarimizdan va AQSh ma’muriyatidan urushning to‘liq tugaganini tasdiqlovchi kafolatlarni oldik», — dedi al-Hayya.