Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hastimomga borgan prezident, yana bolalar ozuqasidagi xavfli toksin va aholini ro‘yxatga olishga oid eslatma – mahalliy dayjest
Picot bolalar sut aralashmasi xavfli toksin tufayli savdodan qaytarib olinadi, «Birga hayotni saqlaymiz» milliy donorlik aksiyasi har oy o‘tkaziladi, tijorat banklari «adolat va mutanosiblik» tamoyillariga amal qilishga chaqirildi. Kunning muhim mahalliy yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident Hastimom mahallasidagi turistik obektlarda bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 yanvar kuni Toshkent shahri, Olmazor tumani, Hastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obektlari faoliyati bilan tanishdi.
Davlat rahbari yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Picot bolalar sut aralashmasi xavfli toksin tufayli savdodan qaytarib olinadi
Fransiyaning sut ishlab chiqarish giganti Lactalis Fransiya va boshqa o‘ndan ortiq mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham bolalar sut aralashmalari partiyalari toksin bilan ifloslangani haqidagi xavotirlar tufayli Picot mahsuloti partiyalarni savdodan qaytarib olishini e’lon qildi.
Lactalis kompaniyasi «dorixonalar va yirik chakana savdo tarmoqlarida sotilayotgan Picot bolalar sut aralashmasining oltita partiyasini ta’minotchi tomonidan yetkazib berilgan tarkibiy qismida tsereulid mavjudligi sababli ixtiyoriy ravishda qaytarib olmoqda», deyiladi kompaniya bayonotida, bu diareya va qusishga olib kelishi mumkin bo‘lgan toksinni nazarda tutadi. Kompaniya vakili so‘zlariga ko‘ra, qaytarib olish jarayoni har bir mamlakatdagi mahsulotning «bir nechta partiyalariga» tegishli.
Aholini ro‘yxatga olishda onlayn savolnomani bir kishi butun oila uchun to‘ldirishi mumkin
Agar onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida oila a’zolari kiritilgan bo‘lsa, ularning barchasi aholini ro‘yxatga olish jarayonida to‘liq ro‘yxatdan o‘tgan hisoblanadi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulov tushuntirish berdi.
Ta’kidlanishicha, axborot tizimi tomonidan sertifikat faqat bitta – asosiy respondent nomi bilan shakllantiriladi. Shu sababli oila a’zolari uchun alohida sertifikat avtomatik tarzda berilmaydi. Agar ma’lumotlarda xato yoki noaniqliklar aniqlansa, jumladan, xonadon a’zolaridan biri haqidagi ma’lumot qolib ketgan taqdirda, 4–28 fevral kunlari mahalla yettiligi vakillari tomonidan xonadonga borib, qayta ro‘yxatga olish amalga oshirilishi mumkin.
«Birga hayotni saqlaymiz» milliy donorlik aksiyasi har oy o‘tkaziladi
Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan beg‘araz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida qator tashkiliy choralar yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, har oy «Birga hayotni saqlaymiz» milliy donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Aksiya doirasida har oyning 1-haftasi mobaynida qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida, har oyning 3-haftasi mobaynida ta’lim, davolash va boshqa tashkilotlarda qon donorligi tashkil etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Qurolli kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida yilda bir marotaba donorlik kunlari o‘tkazish belgilangan.
Markaziy bank tijorat banklarini «adolat va mutanosiblik» tamoyillariga amal qilishga chaqirdi
Markaziy bank 2026 yil 20 yanvar kuni tijorat banklariga yuborgan xatda kredit (mikroqarz) bo‘yicha to‘lov majburiyatlari bajarilmagan holatlarda qo‘llanayotgan ayrim choralar «adolat va mutanosiblik» tamoyillariga zid bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Tahlillar natijasida ayrim banklarda quyidagi holatlar aniqlangani aytilgan:
- kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblanadigan foiz stavkalari shartnomada belgilangan yillik stavkadan bir necha barobar oshirilib, ayrim hollarda yillik 150–180 foizgacha chiqqani;
- foiz to‘lovi kechiktirilganda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penya hisoblanayotgani;
- kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar qo‘llanayotgani.
Mavzuga oid
21:33 / 22.01.2026
Ozodlikka chiqqan “zamhokim” va o‘zgaradigan avtoraqamlar – mahalliy dayjest
21:34 / 20.01.2026
«Metan zapravkalar»ga navbatdagi cheklov va Chorvoqdagi turizm loyihasining jamoatchilik muhokamasi – mahalliy dayjest
21:14 / 19.01.2026
Loukoster chiptalari narxining oshishi va dorixonalarda spirt o‘rniga loson – mahalliy dayjest
23:16 / 16.01.2026