Jahon | 16:08
1053
2 daqiqa o‘qiladi

YeIda Rossiya diplomatlari uchun cheklovlar kuchga kirdi

Josuslik va dezinformatsiyadan himoyalanish maqsadida YeIda Rossiya diplomatlari akkreditatsiya qilingan mamlakatidan tashqariga safarlari haqida oldindan xabar berishi shart. YeI a’zolari, shuningdek, qo‘shimcha ruxsatnomalarni ham talab qilishi mumkin.

Foto: Michael Bihlmayer/CHROMORANGE/picture alliance

Yevropa Ittifoqida Rossiya diplomatlariga nisbatan yangi cheklov choralari kuchga kirdi — ular RFga qarshi 19-sanksiyalar paketi doirasida qabul qilingan. Yangi qoidalarga ko‘ra, yakshanba, 25 yanvar kunidan boshlab RF diplomatik korpusining Shengen hududi bo‘ylab erkin harakatlanishi cheklanadi.

Endi Rossiya diplomatlari, konsullik muassasalari xodimlari va ularning oila a’zolari akkreditatsiyasi bo‘lmagan YeIga a’zo davlat hududi orqali safar qilish yoki tranzit o‘tish niyati bo‘lsa, bu haqda kamida 24 soat oldin (24 soatdan kechiktirmay) oldindan xabardor qilishi shart.

Bundan tashqari, YeI a’zosi bo‘lgan ayrim davlatlar Rossiya diplomatlari uchun — boshqa davlat tomonidan berilgan viza yoki yashash ruxsatnomasi asosida o‘z hududiga kirish uchun alohida ruxsat (kirish ruxsatnomasi) olish talabini joriy etishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi kengashining 23 oktyabrdagi majlis yakunlari bo‘yicha qarorida shunday deyilgan: “Bu majburiyatning maqsadi — Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasini qo‘llab-quvvatlayotgan, tobora tajovuzkorlashib borayotgan razvedka faoliyati sharoitida a’zo davlatlarning xabardorligini ta’minlash”.

YeI ma’lumotlariga ko‘ra, diplomatlarning akkreditatsiya qilingan mamlakatidan tashqarida Shengen hududi bo‘ylab erkin harakatlanishi Rossiya diplomatlariga “josuslik va Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushi haqidagi dezinformatsiyani tarqatish kabi maxfiy faoliyatda ishtirok etish, jamoat fikrini burish” imkonini bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid