Jahon | 09:27 / 02.02.2026
2057
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada qamoqdan huquq himoyachisi va faollar ozod etildi

Venesuelada saqlash sharoitlari o‘ta shafqatsizligi va qiynoqlar qo‘llanishi bilan nom chiqargan “Gelikoid” (El Helicoide) qamoqxonasidan kamida to‘qqiz kishi ozod etildi. Ular orasida taniqli huquq himoyachisi Xaver Tarasona va siyosiy faollar bor.

Xaver Tarasona o‘ngda Foto: Federico Parra/AFP

Kamida to‘qqiz kishi yakshanba, 1 fevral kuni Venesuela poytaxti Karakasdagi “Gelikoid” qamoqxonasidan ozod etildi. Bu qamoqxona rejimga qarshi chiqqan Nikolas Maduro muxoliflariga nisbatan shafqatsiz saqlash sharoitlari va qiynoqlar bilan mashhur. Ozod etilganlar orasida taniqli huquq himoyachisi Xaver Tarasona hamda bir necha siyosiy faollar borligi haqida Venesueladagi huquqni himoya qilish tashkiloti Foro Penal xabar qildi.

“Bugun, 1 fevral kuni, 1675 kundan, 4 yil-u 7 oydan so‘ng, kutilgan kun keldi: Xaver Tarasona erkinlikka chiqdi, — deb yozdi huquq himoyachisining akasi Xose-Rafael Tarasona X ijtimoiy tarmog‘ida. — Bu lahzani mumkin qilgan barchaga rahmat. Bir insonning ozodligi — barcha uchun umid”.

“Erkinlikka qo‘yilgan har bir qadam va ta’qiblarni butunlay to‘xtatish yo‘lidagi ilgarilashning ahamiyati katta”, — deb yozdi Foro Penal vitse-prezidenti Gonsalo Ximiob o‘z mikroblogida. Ushbu tashkilot bahosiga ko‘ra, Venesuelada so‘nggi haftalarda 300 nafardan ortiq siyosiy mahbus ozod qilingan, ammo 700 nafardan ziyodi hali ham qamoqlarda qolmoqda.

30 yanvar kuni Karakasdagi hukumat yuzlab siyosiy mahbuslarni amnistiya qilish va “Gelikoid” qamoqxonasini yopish rejasini ma’lum qildi. “Biz 1999 yildan (Maduroning o‘tmishdoshi Ugo Chaves hokimiyatga kelgan davrdan — tahr.) hozirgacha bo‘lgan siyosiy zo‘ravonlik davrini qamrab oluvchi umumiy amnistiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga qaror qildik”, — dedi Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakat Oliy sudida chiqish qilar ekan.

AQSh harbiylari Venesuela rahbari Nikolas Maduroni 3 yanvarga o‘tar kechasi qo‘lga olganidan keyin, Karakas Vashington bosimi ostida avvalroq yuzlab siyosiy mahbuslarni ozod etgan edi — ular orasida taniqli muxolifat arboblari ham bo‘lgan. Venesuela hukumati ma’lumotiga ko‘ra, ozodlikka chiqqanlar soni 600 nafardan oshgan, ammo huquq himoyachilari bu raqamga shubha bilan qaramoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid