O‘zbekiston | 21:37 / 09.02.2026
2872
4 daqiqa o‘qiladi

“Metan zapravka” qurishga taqiq va qurilishlar bo‘yicha mijozlarga qaytarilgan 22 mlrd so‘m – mahalliy dayjest

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida “metan zapravka” qurishga ruxsat yo‘qligini aytdi. Raqobat qo‘mitasi 2025 yil davomida ko‘p kvartirali uylardan xonadon xaridi bo‘yicha 1700 dan ortiq murojaat oldi, 22,1 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. 1 apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik sub’yektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi.

Metan zapravka” qurishga ruxsat yo‘qligi ma’lum bo‘ldi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hukumat vakillarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida “metan zapravka” qurishga ruxsat yo‘qligini aytdi.

“Hozir metan gaz zapravka qurishga ruxsat yo‘q. Bor metan zapravkalarga bular gaz yetkazib bera olmayapti. Buni tadbirkorlarga aytmaganmisizlar?” deb savol berdi u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanovga.

Jamshid Xo‘jayev tadbirkorga “metan zapravka” qurmaslik kerakligini ta’kidladi.

“Qurganingiz bilan pulingiz shunday yotadi. Sizga metan bermaydi. Qurilishni boshlamaslik kerak. Nega buni hokimiyat aytmaydi?” dedi u.

Qurilishlar bo‘yicha 22 mlrd so‘m fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yil davomida ko‘p kvartirali uylardan xonadon xaridi bo‘yicha 1700 dan ortiq murojaat tushgan. Ularning 76 foizi ijobiy hal etilgan bo‘lib, natijada 22,1 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Murojaatlarning asosiy qismi uylarning ta’mir sifati (42,9 foiz) va kommunikatsiya tarmoqlari (40,8 foiz) bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, 16,3 foiz holatda uylar belgilangan muddatda topshirilmasligi bo‘yicha e’tirozlar qayd etilgan. Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga xonadon xarid qilishda shartnoma shartlari bilan to‘liq tanishish, reklamada keltirilgan ma’lumotlarni esa elektron ro‘yxat va “Shaffof qurilish” tizimi orqali ochiq manbalardan tekshirib ko‘rishni tavsiya qildi.

Bo‘sh yer maydonlarida DXSh asosida bog‘cha ochishga ruxsat beriladi

2026 yil 1 apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik sub’yektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, bog‘cha va maktablarning bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartlari asosida maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etishga ruxsat beriladi.

Ma’lum qilinishicha, “a” bandiga muvofiq, maxsus bog‘cha, maktab va maktab-internatlardan tashqari ta’lim muassasalarining bo‘sh yer maydonlarida DXSh asosida bog‘cha tashkil etgan tadbirkorlar uchun 30 yil davomida ijara to‘lovlari undirilmaydi. Ushbu muddat tugagach, bog‘cha davlat balansiga topshiriladi.

Foydalanilmayotgan o‘rmon yerlari ijaraga beriladi

Yangi qonun bilan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari o‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini jismoniy va yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida berish imkoniyati belgilandi.

Yangi tartib o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan. Yerlar ochiq va shaffof elektron savdolar orqali ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur qonun bilan tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari uchun litsenziya (ruxsatnoma) amal qilishini 10 kundan ortiq, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish mumkinligi nazarda tutildi. Ilgari litsenziyalarning amal qilishini 10 ish kunidan ko‘p muddatga to‘xtatish belgilangan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid