O‘zbekiston | 21:55 / 12.02.2026
2551
6 daqiqa o‘qiladi

Homiysiz qolgan futbol klublari va «Call-markaz» niqobidagi firibgarlar - mahalliy dayjest

«O‘zbekneftgaz» futbol klublarga homiylik qilishni to‘xtatadi - «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» moliyalashtirilmaydi. Uy-joy va avtomobil xaridi 1 apreldan naqd pulsiz shaklga o‘tishi kutilmoqda, shu haqdagi nizom loyihasi ishlab chiqildi. Farg‘onada 34 kishidan iborat «Call-markaz» niqobidagi uyushgan jinoiy guruh fosh etildi. Toshkentda yo‘l qoidabuzarliklariga oid jarimalar bo‘yicha shikoyatlar uchun Call-markaz ishga tushdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

«O‘zbekneftgaz» futbol klublariga homiylik qilishni to‘xtatadi

«O‘zbekneftgaz» AJ futbol klublarga homiylik qilishni to‘xtatyapti. Kompaniya O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga (O‘FA) rasmiy xat yuborib, «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Superligasining 2025 yilgi mavsumida «Nasaf» uchinchi, «Bunyodkor» beshinchi, «Buxoro» o‘n to‘rtinchi o‘rinni egallagandi. Milliy chempionatning yangi mavsumiga 15 kundan keyin, 27 fevral kuni start beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 30 yanvar kuni prezident huzurida «O‘zbekneftgaz»ning kelgusidagi ustuvor vazifalari ko‘rib chiqilgandi. Yig‘ilishda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish, xususan, sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlarini to‘xtatish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etilgandi.

Ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari va miqdori tushuntirildi

Qonunga muvofiq, ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng 6 oy ichida murojaat etilganda tayinlanadi. Nafaqa oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi.

To‘lov miqdori quyidagicha:

▪️ 1-oyda — o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan holda;

▪️ 2- va 3-oylarda — o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda.

Uy-joy va avtomobil xaridi 1 apreldan naqd pulsiz shaklga o‘tishi kutilmoqda

1 apreldan ko‘chmas mulk va avtomobilni naqd pulga sotish to‘xtatilishi mumkin. Bu bo‘yicha nizom loyihasi e’lon qilindi. Qayd etilishicha, ko‘chmas mulk obekti va transport vositasini notarial tartibda oldi-sotdi qilishda xaridor, sotuvchi yoki ularning vakili o‘zaro kelishuvga erishgandan so‘ng, xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.

Bank tomonidan ariza asosida eskrou hisobvarag‘i shartnomasi tuziladi va eskrou hisobvarag‘i ochiladi. Eskrou hisobvarag‘i shartnomasida tomonlarning huquq va majburiyatlari, oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda tasdiqlangandan so‘ng, mablag‘larni sotuvchining yoki uning vakiliga topshirish, shuningdek, eskrou hisobvarag‘i shartnomasini bekor qilish shartlari ko‘rsatilishi kerak.

Farg‘onada 34 kishidan iborat “Call-markaz” niqobidagi uyushgan jinoiy guruh fosh etildi

DXX tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro miqyosda juda katta miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruh fosh qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan, jami 34 kishidan iborat jinoiy guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, “Call-markaz” niqobi ostida faoliyat yuritgan. Ular asosan keksa yoshdagilarga qo‘ng‘iroq qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirib, pul o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi hukmiga ko‘ra, ularga turli jazo choralari ko‘rilgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi ma’lum qilindi.

Toshkentda yo‘l qoidabuzarliklariga oid jarimalar bo‘yicha shikoyatlar uchun Call-markaz ishga tushdi

Markaz jismoniy va yuridik shaxslarning yo‘l harakati qoidabuzarliklari yuzasidan ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish davomida va huquqbuzarliklar yuzasidan shakllantirilgan qarorlar ustidan shikoyat hamda takliflarini tez hal etish uchun mo‘ljallangan.

Endi fuqarolar markazga qo‘ng‘iroq qilib, mutaxassislar bilan bog‘lanib, shakllantirilgan qarorlar ustidan shikoyat berishi mumkin.

Shu bilan birga, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Telegram platformasidagi guruhiga yozish orqali Ma’muriy amaliyot markazi yo‘nalishidagi savol va shikoyatlarni yo‘llash mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid