Jahon | 14:24
705
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShda iqlimni himoyasi bo‘yicha asosiy me’yorlardan birini bekor qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 2009 yilda qabul qilingan, issiqxona gazlarini sog‘liq uchun zararli deb tan olgan hujjatni amaldan chiqardi. Bu, xususan, avtomobilsozlik sanoati uchun cheklovlarni olib tashlash imkonini beradi.

Foto: Jonathan Ernst/REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba, 12 fevral kuni “xavf haqida xulosa” (endangerment finding) deb ataladigan hujjat bekor qilinganini e’lon qildi. 2009 yilda qabul qilingan bu hujjat issiqxona gazlarini sog‘liq uchun xavf tug‘diradigan omil sifatida tan olgan edi. Bu qaror issiqxona gazlari chiqindilariga qo‘yilgan cheklovlarni, jumladan avtomobilsozlik sanoati uchun ham, olib tashlash imkonini beradi.

Tramp bu qadamni AQSh tarixidagi “eng buyuk deregulyatsiya chorasi” deb atadi. AQShning sobiq prezidenti Barak Obama davrida qabul qilingan iqlimni himoya qilish qonunlarini esa Tramp “fojiali” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu choralar “AQSh avtomobilsozlik sanoatiga jiddiy zarar yetkazgan va amerikaliklar uchun narxlarni sezilarli oshirgan”.

Bekor qilingan hujjat asosida AQShda ko‘mir va gaz elektr stansiyalari uchun qat’iy ekologik standartlar joriy etilgan, shuningdek tashlama gazlar (avtomobil chiqargan gazlar) miqdorini cheklovchi qoidalar amal qilgan.

Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) rahbari Li Zeldin bildirishicha, standartlarni bekor qilish amerikalik soliq to‘lovchilarga 1,3 trillion dollarni tejash imkonini beradi. Zeldin bu hisob-kitoblar qanday qilinganini tushuntirmagan.

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Donald Tramp qarorini tanqid qildi. Obamaning aytishicha, endangerment finding bo‘lmasa, amerikaliklar “kamroq himoyalangan, kamroq sog‘lom va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga kamroq qodir bo‘ladi — bularning hammasi qazilma yoqilg‘i sanoati yanada ko‘proq pul ishlashi uchun”, dedi u.

Trampni Greenpeace ekologik tashkiloti ham keskin tanqid qildi va uni iqlim o‘zgarishi haqida “doimiy yolg‘on”da aybladi. “Bu qadam yirik neft kompaniyalarini boyitadi, badalini boshqalarning hammasi to‘laydi”, — dedi tashkilot vakili Tim Donagi.

Bundan oldin AQSh prezidenti iqlim o‘zgarishi haqidagi ogohlantirishlarni “dunyoda qilingan eng katta firibgarlik” deb atagan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid