Jahon | 13:10 / 03.03.2026
2161
3 daqiqa o‘qiladi

Livan hukumati “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatini taqiqladi

Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashgan bir paytda, Livan hukumati “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatiga “taqiq” joriy qildi. Ushbu guruhning har qanday harbiy amaliyotlari va xavfsizlik sohasidagi harakatlari endi “noqonuniy” hisoblanadi, dedi mamlakat bosh vaziri Navaf Salom 2 mart, dushanba kuni televideniye orqali murojaatida.

Foto: Mohamed Azakir/REUTERS

Uning aytishicha, “Hizbulloh” jangchilari qurolsizlanishi kerak bo‘ladi. Salom guruh a’zolaridan qurollarni davlatga topshirishni talab qildi. Jurnalistlar keltirishicha, Salom “Hizbulloh” faoliyatini “faqat siyosiy soha” bilan cheklash niyatida.

Livan hukumatining bu qarori guruhning maqomini — livanliklarning bir qismi orasidagi “qarshilik harakati” maqomidan noqonuniy harbiylashgan tuzilma maqomiga o‘zgartiradi, deb qayd etadi dpa. Qaror Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirilgani uchun “qasos” sifatida Isroilga raketa zarbalari berib, dronlar orqali ham hujumlar amalga oshirganidan keyin qabul qilingan. Isroil harbiylariga ko‘ra, raketalardan biri tutib qolingan, yana bir nechtasi esa ochiq hududlarga tushgan.

O‘q uzishlardan so‘ng Isroil javob zarbalarini bergan. Isroil HHK Bayrutning “Hizbulloh” nazoratidagi janubiy tumanlariga kuchli havo zarbalarini yo‘llamoqda. Shu bilan birga, Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) vakili Livanda tez orada quruqlikdagi amaliyotni boshlash rejasi yo‘qligini aytdi.

O‘z navbatida, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats X ijtimoiy tarmog‘ida “Hizbulloh” yetakchisi shayx Naim Qosim Isroil zarbalari uchun harbiy nishon ekanini yozdi. U Qosimni Eron oliy rahbari kabi “jahannamning eng tubiga yuborish” bilan tahdid qildi.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi esa davom etmoqda. 28 fevral kuni ertalab Isroil va AQSh Eron hududiga zarbalar bergan. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirgan. U Eron armiyasini qurol tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirgan.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar oqibatida mamlakatda kamida 555 kishi halok bo‘lgan. Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy hamda bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘lgani tasdiqlangan. Eron javoban Isroil va Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar hududiga zarbalar bergan. Shuningdek, Eron droni Kiprdagi Britaniya aviabazasiga hujum qilgani ma’lum bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid