Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh dipmissiyalari xodimlarining bir qismi Pokiston va Kiprni tark etadi
Erondagi urush fonida AQSh Davlat departamenti mintaqadagi ayrim vakolatxonalarida xodimlar sonini qisqartirmoqda.
4 mart, chorshanba kuni idora xavfsizlikka doir tahdidlar sabab Pokistondagi Karachi va Lahor shaharlarida joylashgan AQSh konsulliklarida favqulodda masalalar bilan shug‘ullanmaydigan xodimlar, shuningdek ularning oila a’zolari mamlakatni tark etishi haqida ko‘rsatma berdi.
Shu bilan birga, xabarda aytilishicha, Pokiston poytaxti Islomoboddagi AQSh elchixonasi faoliyatida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti Kipr va Yaqin Sharqning bir qator mamlakatlaridagi dipmissiyalaridan ham xodimlarning bir qismini olib chiqmoqda. AQSh tashqi siyosat idorasi 4 mart kuni “xavfsizlikka doir xatarlar” sabab Kiprda favqulodda holatlarga jalb etilmagan xodimlar hamda ularning oila a’zolariga orolni tark etishga ruxsat berdi, deb xabar qildi AQSh elchixonasi.
Bir kun oldin xuddi shunday choralar haqida Saudiya Arabistoni va Ummondagi AQSh elchixonalari ham ma’lum qilgan.
Ayni paytda Davlat departamenti Kiprda joylashgan Britaniyaning Akrotiri aviabazasiga Eron dron zarbasi berilganidan so‘ng, AQSh fuqarolarini Kiprga safar rejalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bir nechta aviakompaniyalar allaqachon Kiprga parvozlarni to‘xtatgan.
Erondagi urush esa davom etmoqda. Isroil va AQSh 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarba berishni boshladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini bildirgan va Eron armiyasini qurol tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirgan.
Eron davlat OAV 3 mart kuni Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, zarbalar natijasida mamlakatda kamida 787 kishi halok bo‘lgan. Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘lgani ham tasdiqlangan. Eron javoban Isroilga va Fors ko‘rfazining bir nechta davlatlariga zarba bergan — u yerlarda ham halok bo‘lganlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urishmayotganini, balki mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berayotganini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, 2 mart kuni Eron droni Kiprdagi Britaniyaning Akrotiri aviabazasiga hujum qilgan, 3 mart kuni esa Ar-Riyoddagi AQSh elchixonasi ham dron hujumlariga uchragan.
Mavzuga oid
21:50 / 10.06.2026
Eronning yadro bombasi yaratish imkoniyati qanday?
09:59 / 10.06.2026
«Apache» vertolyotini Eron droni urib tushirgani ma’lum bo‘ldi. AQSh va Eron yana zarbalar almashdi
09:30 / 10.06.2026
«Artemida-3» uchun astronavtlar tanlandi
09:15 / 10.06.2026