Toshkentda 15 yoshli o‘smir qimmatbaho avtomobilda yo‘l harakat xavfsizligi xizmati inspektorini urib ketdi. Xodim vafot etdi. Jinoyat qonunchiligiga ko‘ra ham 16 yoshga to‘lmagan shaxsni yo‘l transport hodisasi sodir etgani uchun javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Agar «avtomobilni olib qochish» va «qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish» ayblovlari qo‘yilmaganida 15 yoshli Doniyor Turg‘unov jazosiz qolarmidi? Nega voyaga yetmaganlarning qonunlarni mensimasligi va bu bepisandligini tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilish hollari avj oldi? Kun.uz shu kabi savollarni ekspertlar ishtirokida muhokama qildi.
Fevralning so‘nggi kunlari tarmoqlarda muhokama qilingan 2 ta holat jamoatchilikning katta e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Birinchisi BMW M4 rusumli qimmatbaho mashinada YPX xodimini urib ketib, o‘limiga sababchi bo‘lgan voyaga yetmagan bola Doniyor Turg‘unov bo‘lsa, ikkinchisi tanish-bilishchilik bilan 15 sutkadan qutulib, “atigi 10 ta minimalka” to‘lagan va buni ochiqchasiga omma oldida maqtangan Asadbek Jumayev edi.
Faollar bu ikkala holatda ham tizimning katta aybi borligini aytib kelishayotgandi. Xo‘sh, tizimdagi ildiz muammolar nimalar? Qonunsizlik bora-bora jazodan qo‘rqmaslikni yuzaga keltirdimi? Kun.uz shu va boshqa savollarga javob olish uchun inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov va advokat, huquqshunos Abdumalik Abdullayev bilan suhbat uyushtirdi. Quyida intervyuning ayrim muhim qismlari sharhlanadi.
“Davlat o‘zining davlatchiligini qilishi kerak” – inson huquqlari faoli
Abdurahmon Tashanov yuqoridagi voqeaga munosabatini bildirarkan, qonunlar ishlamagan jamiyat va davlatda ijtimoiy statusi yuqori kimsalarni jazolash mexanizmi ishlamasligi haqida gapirdi.
“Ikkala holatda ham qoidabuzarlar ijtimoiy mavqei bilan bog‘liq, ya’ni bular o‘zlarini elita deb hisoblaydigan, shahar markazida yashaydigan va kechalari muntazam mashina poygalarini noqonuniy tashkil qilish bilan [band] odamlar. Endi bu yerda faqat ularning o‘zini ayblash emas, jinoyat yoki qoidabuzarliklar ro‘y bergan muhitni ham tahlil qilish kerak bo‘ladi. Chunki Ichki ishlar vazirligining o‘zi ko‘p marta gapirdi, o‘sha bola, 10-sinf o‘quvchisi juda ko‘p qoidabuzarliklar bilan tushgan ekan. Demak, har bitta tushganida qanaqadir bir jazolanishning o‘rniga bir rag‘bat bilan chiqib ketganki, bolaning ko‘nglida shunaqa ishonch paydo bo‘lgan.














