O‘zbekiston | 18:16
15309
3 daqiqa o‘qiladi

10-sinf o‘quvchisi Toshkentdagi poyga vaqtida BMWda urib ketgan YPX xodimi vafot etdi

33 yoshli kichik serjant Hosilbek Eshnazarov og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Uning uch farzandi otasiz qoldi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Toshkent shahridagi noqonuniy ko‘cha poygasi vaqtida voyaga yetmagan shaxs tomonidan BMW M4 avtomobilida urib ketilgan yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarov shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati poytaxt YPX brigadasi 2-bataloni 4-safarbar guruhi inspektori kichik serjant Eshnazarov Hosilbek Beknazar o‘g‘lining vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor qildi.

“Hosilbek Eshnazarov 2022 yildan ichki ishlar organlarida fidokorona xizmat qilgan. Uning ortidan qadrli ota-onasi, suyukli ayoli, 2 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz farzandlari qoldi. Vatan o‘z qahramon o‘g‘lonlarini unutmaydi!” – deyiladi IIV e’lon qilgan nekrologda.

YTH 25 fevral kuni soat 21:48 larda, Mirobod tumanida ro‘y bergan.

2010 yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning Doniyor ismli 10-sinf o‘quvchisi BMW M4 avtomobilini (davlat raqami 010210OC) haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan va ko‘cha poygasida ishtirok etayotgan bo‘lgan.

Ota-ona avval ham javobgarlikka tortilgan

Doniyorning ota-onasi oxirgi paytlarda ikki marta: avvaliga 2025 yil sentabrida, keyinroq 2026 yil yanvarida MJtKning 47-moddasi (bolaga tarbiya bermaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan va profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Sentyabrdagi jarimaga bolaning maktabda dars qoldirgani sabab bo‘lgan, joriy yil yanvar oyida u o‘zboshimchalik bilan avtomobil boshqarib, qo‘pol ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Bu qoidabuzarlik videosi internetda tarqalgan edi: yigit boshqa bir BMW avtomobili bilan YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tib ketgan.

“Sentyabr oyida o‘g‘lim Doniyor maktabga bormagani sababli chora ko‘rilgandi. Undan keyin yanvar oyida ikkinchi marta chora ko‘rishganida ham qattiq ogohlantirish berishgan, men bilan profilaktik suhbat o‘tkazishgandi. Shunda xulosa chiqarmabmiz. O‘g‘limga yaxshi qaramaganligim, e’tibor bermaganligim sabab tergovning kursisida o‘tiribmiz. Mening loqaydligim oqibatida o‘g‘lim qotil bo‘lib qolishi mumkin edi”, – degandi avvalroq o‘smirning otasi Zafarjon Kuchkunov.

BMW M4 avtomobili 2002 yilda tug‘ilgan Atadianova Leyla Bekzodovnaga tegishli. U 2024 yildan hozirgacha kamida 18 marta transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga haydash uchun bergan, yana 37 marta boshqa turdagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan.

YTH yuzasidan Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid