Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron urushi: Trampning MAGAchilar bilan orasi buzildi
Donald Tramp – prezident bo‘lgunga qadar bir kun ham davlat ishida ishlamagan, harbiy xizmatni o‘tamagan AQSh tarixidagi birinchi shaxs. Uni hokimiyatga olib kelgan kuch – MAGA siyosiy harakati ekani ko‘pchilikka ma’lum. Tramp va MAGA – keyingi yillarda sinonim bo‘lib ulgurgan edi. Biroq vaziyat o‘zgaryapti.
O‘zi MAGAchilar kimlar? Bundan o‘n yil oldin, 2016 yillarda AQShda “Make America Great Again” (“Amerikaga buyuklikni qaytaring”, qisqartirilgan MAGA) harakati paydo bo‘ladi. MAGA harakatining asosiy qarashlari to‘rtta yo‘nalishda ifodalanadi:
- Iqtisodiy natsionalizm: iqtisodiy jihatdan faqat AQShning foyda va manfaatlarini bir yoqlama ustun qo‘yish.
- Migratsiyaga qarshi kuchli ritorika: tashqi dunyodan migrantlar oqimini to‘sish.
- Savdoda proteksionizm: AQSh ishlab chiqaruvchilarini agressiv himoya qilish.
- Izolyatsionizm: tashqi konfliktlarga qo‘shilmaslik, tashqi siyosiy va geosiyosiy majburiyatlarni optimallashtirish, yengillashtirish, betaraf qolish.
MAGA vakillari an’anaviy siyosiy elitaga, rasmiy OAVga ishonmaydi, va “yashirin davlat” bilan kurashish kerak deb hisoblaydi. Shuning uchun, Tramp hokimiyatga kelgach, “yashirin davlat” bilan kurashish niyatida Vashingtondagi ko‘plab tashkilotlarni qisqartirdi, ba’zilarini butunlay yopib qo‘ydi ham.
Savol paydo bo‘ladi: nega o‘tmishda MAGA harakatiga o‘xshash biron bir harakat kuzatilmagan edi, nega AQSh tarixida an’anaviy siyosatdan chekinish bu safar shunchalik kuchli bo‘ldi?
Bu savol ko‘pchilik ekspertlarni o‘ylantiradi. Asli angliyalik media ekspert Uilyam Devis o‘zining “Asabiy davlatlar” (“Nervous States”) kitobida yozishicha, keyingi ikki o‘n yillikda jamiyatlar davlatning va rasmiy OAVning ta’siridan chiqib bo‘ldi. Jamiyatlar ijtimoiy tarmoqlardagi media shaxslarga ko‘proq e’tibor bermoqda. Bugun har qanday shaxs to‘laqonli mustaqil media markaz bo‘la oladi. Mustaqil va tanqidiy axborot ishlab chiqish, tarqatish hech qachon bugungidek oson bo‘lmagan. Natijada AQShda muqobil g‘oyalar va qarashlar, jumladan, MAGA harakatining dunyoga kelishi asosida ham, mana shu axborot inqilobi turadi.
Bugun MAGA harakati ichida juda katta bo‘linish kuzatilmoqda. Bo‘linishning ikkita yirik sabablari aytiladi. Birinchisi – Eron urushi. Bir qancha MAGA vakillari bugun Trampni juda qattiq tanqid qilmoqda. Jumladan, yuz millionlab amerikaliklar auditoriyasiga ega jurnalist Taker Karlson, taniqli telejurnalist Megin Kelli, Kongress a’zolari Marjori Teylor Grin va Tomas Massi kabi namoyondalar Trampdan yuz o‘girib, MAGA harakatidan chiqib ketganlari kuzatildi.
MAGA vakillarining ayblovlari quyidagicha: Tramp hokimiyatga kelganida eng avvalo va faqat Amerikaning manfaatlarini, amerikaliklarni o‘ylashi kerak edi. Hech bir amerikalik boshqa davlat uchun o‘lmasligi kerak edi. Tramp esa AQSh uchun emas, Isroil uchun xizmat qilmoqda, Isroil uchun pullarimiz va vatandoshlarimiz qurbon qilinmoqda. Tramp – bizga xiyonat qildi…
MAGA vakillarining Trampdan noroziligining ikkinchi sababi – Epshteyn fayllari. MAGAchilar – ancha dindor qatlam. Ular protestant yevangelistlar hisoblanadi, Xudoga ishonadi. Trampning nomi o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxs bilan yonma-yon tilga olinishi – MAGA vakillarini, tabiiyki, darg‘azab qiladi.
Oxirgi prezidentlik saylovlarida aksariyat amerikaliklarning Trampga ovoz berishi zamirida ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari turar edi. Aksariyat amerikaliklar MAGA vakillari emas, ular faqat narxlarning arzon bo‘lishi, ish joylarining eng avvalo amerikaliklarga taqdim qilinishi, farovonlik oshishi uchun Trampga ovoz berishgan edi. Amalda esa Trampning Isroil manfaatlari uchun Eronga qarshi katta urushi – amerikaliklar uchun iqtisodiy qiyinchiliklar yarata boshladi. Benzin narxi keyingi ikki yildagi eng yuqori nuqtaga chiqdi. Ishsizlik oshgan. Narxlar qimmatlashgan. Tramp va’dasida turmadi. Natijalar teskari bo‘la boshladi.
Bu esa MAGA harakatida bo‘linishga sababchi bo‘ldi. Va noyabr oyidagi Kongressga bo‘ladigan saylovlar respublikachilar uchun salbiy bo‘lishi kutilmoqda. Respublikachilar – Trampning o‘ylamasdan boshlagan urushlari va Epshteyn bilan aloqalari partiya uchun qimmatga tushishidan qo‘rqishmoqda. Agar saylovlarda demokratlar yutib, ko‘proq o‘rinni egallashsa, hademay Kongress tomonidan Trampga nisbatan impichment jarayoni yana kun tartibiga qo‘yilishi mumkin.