O‘zbekiston | 20:51 / 11.03.2026
2023
5 daqiqa o‘qiladi

Umra safarlarining tiklanishi va «Tashabbusli budjet»dagi g‘irromlik – mahalliy dayjest

Transport vazirligi 10 martdan boshlab mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarga Saudiya Arabistoni va BAA bilan ikki tomonlama aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat berdi. «Tashabbusli budjet»ning saralash bosqichida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar tufayli 7 ta tuman va 3 ta shahar unda vaqtincha ishtirok etolmaydigan bo‘ldi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Umra safarlari qayta yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekiston Transport vazirligi 10 martdan boshlab mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarga Saudiya Arabistoni va BAA bilan ikki tomonlama aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat berdi.

Parvozlarni tashkil etishda parvozlar xavfsizligi talablari, xalqaro havo tashuvlari bo‘yicha amaldagi qoidalar, shuningdek Saudiya Arabistoni va BAA vakolatli organlari tomonidan belgilangan talab va tartiblarga qat’iy rioya etilishi ta’minlanishi belgilangan.

Yaqin Sharqda havo hududi yopilgani sababli O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari 1 mart kunidan to‘xtatilgan edi.

Turli «o‘yinlar» sabab 10 ta tuman va shahar «Tashabbusli budjet»da sanksiyaga uchradi

«Tashabbusli budjet»ning saralash bosqichida mahalliy komissiyalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar tufayli 7 ta tuman va 3 ta shahar bugun, 11 martdan boshlangan va 20 martgacha davom etadigan ovoz berish bosqichida vaqtincha ishtirok etolmaydigan bo‘ldi.

«Tashabbusli budjet»ning 2026 yilgi 1-mavsumi doirasida fuqarolar tomonidan jami 21049 ta loyiha taklif qilingan bo‘lib, shundan 17390 tasi saralash bosqichidan ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan.

Ammo Xorazm viloyati Urganch shahri, Bog‘ot, Qo‘shko‘pir, Urganch, Xiva, Yangiariq tumanlari; Toshkent viloyati Zangiota tumani; shuningdek, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahri hamda Navoiy viloyatining G‘ozg‘on va Navoiy shaharlarida loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilgan yoki «Tashabbusli budjet» mezonlariga zid loyihalar ovoz berishga o‘tkazilgan. Shu sababli ushbu hududlarda ovoz berish bosqichi vaqtinchalik cheklandi.

Yil boshidan buyon 11 ta yangi tabiiy gaz qudug‘i ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 10 mart kuni neft va gaz sohasida belgilangan vazifalar ijrosining holati yuzasidan hisobot berildi.

Bu borada soha rahbarlarining joriy yil boshidan 3D seysmik qidiruv ishlari 471 kvadrat kilometr hajmda amalga oshirilgani, 11 ta yangi quduq ishga tushirilgani, 20 ta quduqda ta’mirlash ishlari bajarilgani va 5 ta texnologik tadbir amalga oshirilgani to‘g‘risidagi ma’lumoti ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob va qat’iy intizom asosida ta’minlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Bloger qamoqqa olindi

YouTube’dagi Sirojiddin Media kanali muallifi Sirojiddin Odilov firibgarlik va pora berishda gumonlanmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Samarqand viloyat IIBning ma’lum qilishicha, Past Darg‘om tumanida yashovchi, 1961 yilda tug‘ilgan fuqaro YouTube’dagi Sirojiddin Media kanali muallifi bo‘lgan bloger ustidan IIBga murojaat qilgan. U 2024 yil avgust oyida Toshkent shahrida yashovchi Sirojiddin Odilovga boshqa shaxs bilan o‘rtalaridagi moliyaviy masalani hal qilib berishini so‘rab murojaat qilgani, bloger vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, jabrlanuvchidan ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga ma’lum miqdorda pul olgani va hozirgi kunga qadar va’dasini bajarmasdan, aldab kelgani bois qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan Sirojiddin Odilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgani bildirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid