Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soxta «keshbek» sxemasi va jinoyatda gumonlangan sobiq hokimga katta lavozim - mahalliy dayjest
Toshkentda qurilishdagi avariyadan keyin kanalizatsiya suvi Salor kanaliga oqizildi. Andijonda soxta «keshbek» sxemasi fosh etildi. Retsept asosida sotiladigan dorilar narxi pasaytirildi. Muzrabotning jinoyatda gumon qilingan sobiq hokimi davlat ishiga qaytdi. O‘zbekistonda ish izlayotganlar soni ko‘paydi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Toshkentda qurilishdagi avariyadan keyin kanalizatsiya suvi Salor kanaliga oqizildi
Toshkent shahrining Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari davomida shikast yetkazilgan quvurdan chiqqan oqova suv Salor kanaliga oqizilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan boshqarma tahliliy laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan kanal suvidan belgilangan tartibda namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborilgan. Ta’kidlanishicha, tahlil natijalari hamda o‘rganish yakunlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilmagani yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, 3 iyul kuni Yakkasaroy tumanidagi qurilish obektida kanalizatsiya tarmog‘ida sodir bo‘lgan texnik nosozlik oqibatida diametri 1800 mm bo‘lgan quvurga jiddiy shikast yetgandi. Oqibatda suv toshib, yer qoplamasi qisman cho‘kishi va o‘pirilishi ro‘y bergan.
Andijonda soxta «keshbek» sxemasi fosh etildi
Andijon viloyatida 38,3 milliard so‘m budjet mablag‘larini «keshbek» to‘lovlari orqali noqonuniy o‘zlashtirish sxemasi fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bir guruh fuqarolar o‘zaro til biriktirib, 5 ta korxonaga 2,2 trillion so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Shundan so‘ng tovarlar fuqarolarga sotilgani haqida soxta xarid cheklari shakllantirilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu cheklar asosida qariyb 95 ming fuqaro hamda Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxslar nomiga Soliq Mobile mobil ilovasi orqali «keshbek» to‘lovlari rasmiylashtirilgan. Oqibatda 38,3 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Retsept asosida sotiladigan dorilar narxi pasaytirildi
Retsept asosida beriladigan qariyb 2500 ta dori vositasi uchun cheklangan narxlar qayta shakllantirildi va 1 iyuldan dorixonalar uchun kuchga kirdi, deb xabar qildi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi.
Qayd etilishicha, natijada ayrim toifadagi dorilar narxi sezilarli darajada pasaygan. Xususan, antibiotiklar va mikroblarga qarshi vositalar — 50 foizgacha, yurak-qon tomir tizimi dorilari — 37 foizgacha, asab tizimi dorilari — 40 foizgacha hamda yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi vositalar — 42 foizgacha arzonlashgani ta’kidlanmoqda.
Muzrabotning jinoyatda gumon qilingan sobiq hokimi davlat ishiga qaytdi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasiga Erkin Jo‘rayevich Alimov rahbar qilib tayinlandi. U 2018 yil iyulidan 2022 yil sentabrga qadar Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi lavozimida ishlagan.
2022 yil noyabrida DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Dastlabki tergov harakatlari davomida sobiq hokim Muzrabot tumanidagi umumiy qiymati 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib bergani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, tumandagi banklar Erkin Alimovning yaqin qarindoshlari nomiga 166 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratgan bo‘lib, ularning katta qismi «muammoli» kreditga aylangan. Bundan tashqari, «Surxondaryodonmahsulotlari» AJda olib borilayotgan taftish davomida sobiq hokim ishtirokida qiymati 35 mlrd so‘mlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingani aniqlangan.
Ushbu jinoyat ishi yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar berilmagan.
O‘zbekistonda ish izlayotganlar soni ko‘paydi
2026 yil I choragida O‘zbekistonda faol rezyumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 mingtaga yetdi, deb xabar berdi Markaziy bank.
Regulyator ish qidiruvchilar soni tez o‘sishi natijasida mehnat bozoridagi raqobat ham kuchayganini bildirdi. O‘z navbatida mazkur tendensiya ish haqi oshishiga ham turtki bergan.
Ishchi kuchiga talab xizmatlar sohasi va chakana savdoda eng yuqori bo‘lib qolmoqda. Qurilish sohasida esa bandlik mavsumiy omillarga bog‘liqligicha qolyapti. I chorak davomida mazkur sohada mehnatga talab o‘sgan. Umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida ham ishchilarga talab yuqori shakllanib, keskin faollashuv kuzatilgan.
Mavzuga oid
19:08 / 03.07.2026
Daryoga qulagan temiryo‘l va Toshkentdagi kanalizatsiya quvurida yirik avariya - mahalliy dayjest
18:58 / 02.07.2026
Toshkentda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan bog‘cha va O‘zbekiston - yoshlar mamlakati - mahalliy dayjest
19:55 / 01.07.2026
O‘zbekistonning goli dunyo e’tirofida va yuk mashinasi rulidagi 7 yoshli bola - mahalliy dayjest
19:29 / 30.06.2026