Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eronga kelasi hafta kuchli hujumlar bo‘lishini aytdi
AQSh prezidenti Amerika armiyasi “Eron rejimini to‘liq yo‘q qilayotganini” bildirdi. Shu bilan birga, u kelasi hafta Eronga qarshi “juda kuchli zarbalar” berilishini ham e’lon qildi.
Foto: Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rahbariyati vakillarini, u “aqldan ozganlar” deb atagan shaxslarni o‘ldirish uning uchun “ulkan sharaf” ekanini aytdi.
“Ular 47 yil davomida butun dunyo bo‘ylab begunoh odamlarni o‘ldirib keldi, endi esa men, Amerika Qo‘shma Shtatlarining 47-prezidenti, ularni o‘ldiryapman. Bu ulkan sharaf!” — deb yozdi Tramp 13 mart, juma kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda amerikalik harbiylar “Eronning terroristik rejimini to‘liq yo‘q qilayotgani” va AQSh g‘alaba qozonmayapti, deb o‘ylash xato ekani aytilgan. Trampning ta’kidlashicha, Eron floti yo‘q qilingan, bu mamlakatning harbiy-havo kuchlari esa “endi mavjud emas”.
“Bizda misli ko‘rilmagan o‘t ochish qudrati, cheklanmagan o‘q-dori zaxirasi va ko‘p vaqt bor — bu aqldan ozganlar bilan bugun nima sodir bo‘lishini ko‘rasizlar”, — deb yozdi u.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset 13 mart kuni Pentagondagi brifingda endi Amerika harbiylari Eronni urushning boshqa har qanday kuniga qaraganda kuchliroq bombardimon qilishini bildirdi.
Shu orada Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida kelasi hafta Eronga qarshi “juda kuchli zarbalar” berilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh allaqachon Eronga katta zarar yetkazgan va mamlakatning tiklanishi uchun “yillar” kerak bo‘ladi.
Tramp, shuningdek, zarurat tug‘ilsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan neft tankerlariga AQSh harbiy kuzatuvini ta’minlashini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u bunday choralarga ehtiyoj qolmasligiga umid bildirdi.
Eronning yangi oliy rahbari Mujtaba Xominaiy 12 mart kuni qilgan ilk ommaviy bayonotida 28 fevraldan buyon AQSh va Isroil Eronga qarshi olib borayotgan urushda halok bo‘lganlar uchun qasos olishga chaqirdi. U Eron “tashqi tajovuzga taslim bo‘lmasligi”ni va’da qildi hamda mamlakat ichida birlikka chaqirdi.
Mujtaba Xominaiy Tehron tomonidan e’lon qilingan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishni “muhim bosim vositasi” deb atadi. Urush boshlanishidan oldin dunyo neft savdosining taxminan 20 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali amalga oshirilar edi. U bu to‘sib qo‘yish siyosati davom ettirilishini bildirdi.
Bundan tashqari, Eronning yangi rahbari Fors ko‘rfazi mamlakatlarini o‘z hududlarida joylashgan AQSh harbiy bazalarini yopishga chaqirdi.
Mavzuga oid
10:06
AQSh Eronga qarshi Ukrainada sinovdan o‘tgan 10 mingta dronni qo‘llaydi
09:55
AQSh Eron rahbarlari haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollargacha mukofot taklif qilmoqda
09:50
AQSh Yaqin Sharqqa dengiz piyoda askarlari va harbiy kemalar yuboryapti
09:36