Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va Toshkentda yashirilgan jinoyatlar – mahalliy dayjest
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish tadbirida ishtirok etdi. Prokuratura o‘tgan yili poytaxtda jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kerak bo‘lgan mingga yaqin ish noqonuniy tarzda to‘xtatilganini aniqladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish tadbirida ishtirok etdi.
Markaz maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi. U Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu kabi noyob ko‘rsatkichlar uni «Ginnessning rekordlar kitobi»ga kiritish uchun ham asos bo‘lmoqda.
Prezident markazda yaratilgan sharoitlar, boy ekspozitsiyalar va yangi tashabbuslar bilan tanishdi. Qur’oni Karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan ma’naviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.
Prezident Hyundai Rotem poyezdida Samarqanddan Narpayga bordi
Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni jamoatchilik vakillari bilan birgalikda yangi Hyundai Rotem yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Samarqand shahridan Narpay tumaniga bordi. Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sig‘imi esa uchta – VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yo‘lovchini tashkil etadi.
Poyezd O‘zbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum bo‘ronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga mo‘ljallangan. Yaqin orada “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkent—Urganch—Xiva yo‘nalishi bo‘ylab qatnay boshlaydi. Qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda.
Toshkent-Chorvoq pulli yo‘lini uch yilda qurish rejalashtirilyapti
Yo‘l qurilishi bo‘yicha «Avtoyo‘linvest» va Qatarning Protocol Group va Janubiy Koreyaning Korea Expressway Corporation kompaniyalari bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Hozir Toshkentdan Chorvoqqacha bo‘lgan o‘rtacha qatnov vaqti 80 daqiqani tashkil etadi. Yangi yo‘l qurilgandan so‘ng, bu taxminan 35 daqiqagacha qisqaradi. Mazkur loyiha Bo‘stonliq tumaniga sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qilishi va ushbu yo‘nalishda tez-tez yuzaga keladigan tirbandliklar muammosini hal qilishi kerak. Avtomobil magistralining umumiy uzunligi 52 kmni tashkil etadi.
Bitiruvchilar uchun 3 yil ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin
Oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilarni ishga taqsimlash tizimini takomillashtirish maqsadida amaldagi tartibga bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Tegishli qaror loyihasiga ko‘ra, amaldagi nizomda belgilangan “kamida uch yil” ishlab berish majburiyatiga oid normalar chiqarib tashlanishi taklif etilmoqda. Yangi tartibga muvofiq, davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilarning ishlab berish muddati ta’lim yo‘nalishining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda vakolatli organ tomonidan alohida belgilanadi. Shuningdek, bitiruvchilarni ishga taqsimlash bilan bog‘liq ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, “doimiy yashash joyi” atamasini “yashash joyi” deb almashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Toshkentda ichki ishlar xodimlari bir yilda 954 ta jinoyatni yashirgani ma’lum qilindi
O‘tgan yili poytaxtda jinoyat ishi qo‘zg‘atish kerak bo‘lgan mingga yaqin ish noqonuniy tarzda to‘xtatilgan. Bu haqda Toshkent shahri prokurori Anvar O‘rmonov hisobotida aytiladi.
Ma’lum qilinishicha, ichki ishlar organlarining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qabul qilingan 954 ta (mahkama – 537, tumanlar – 417) noqonuniy qarori bekor qilinib, ular bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hisobdan yashirilgan jinoyatlarning 23 tasi og‘ir jinoyatlarni tashkil qiladi, uchta jinoyat qayd etmaslik yo‘li bilan hisobdan yashirilgani aniqlangan.
Mavzuga oid
21:04 / 17.03.2026
Oltin qazib olish bo‘yicha 175 tonnalik marra va o‘z qoidabuzarligini internetda tarqatganlar uchun jazo – mahalliy dayjest
20:43 / 16.03.2026
Yangi mis boyitish fabrikasi va sun’iy intellekt bo‘yicha etika me’yorlari – mahalliy dayjest
20:46 / 13.03.2026
«Moliyaviy piramida» uchun jazo va jinoiy javobgarlikka tortilgan hokim yordamchilari – mahalliy dayjest
21:50 / 12.03.2026