Jahon | 09:13
6815
4 daqiqa o‘qiladi

Eron dunyodagi eng yirik gaz majmualaridan biriga hujum qildi

Tehron “Janubiy Fors” gaz koniga berilgan zarbalarga javob tariqasida Qatar va Saudiya Arabistonidagi neft-gaz sanoati obektlariga hujum qildi. Ar-Riyodda to‘rt kishi jabrlandi.

Foto: MizarVision

Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlariga navbatdagi zarbani berdi. Qatar mudofaa vazirligining 19 mart, payshanbaga o‘tar kechasi ma’lum qilishicha, Qatardagi Ras-Laffan sanoat hududida joylashgan dunyodagi eng yirik neft-gaz majmualaridan biri ballistik raketalar hujumiga uchragan. Davlatga qarashli QatarEnergy neft-gaz kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, obekt 12 soat ichida ikki marta hujumga uchragan.

Majmua hududida yong‘in chiqqan, ammo keyinchalik u nazorat ostiga olingan, deya ma’lum qildi rasmiylar. QatarEnergy Ras-Laffandagi korxonaga “sezilarli zarar” yetganini bildirgan, biroq xodimlardan hech kim jabrlanmaganini ta’kidlagan. Qatar tashqi ishlar vazirligi yuz berayotgan voqeani “Eronning shafqatsiz hujumi” va “milliy xavfsizlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid” deb atagan.

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda ushlab qolingan raketaning aholi yashaydigan hududga tushgan bo‘laklari oqibatida kamida to‘rt kishi jarohat olgan, deb xabar qildi mahalliy hokimiyat. Ularning ma’lum qilishicha, raketa parchalari poytaxt janubidagi neftni qayta ishlash zavodi yaqiniga ham tushgan. Bundan tashqari, mamlakat sharqidagi gaz korxonasi yaqinida uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilgan, deb qo‘shimcha qildi Saudiya Ichki ishlar vazirligi.

Birlashgan Arab Amirliklarida ham Eron Islom Respublikasi tomonidan uchirilgan dronlar va raketalarga qarshi havo mudofaasi tizimlarini ishga solishga to‘g‘ri kelgan, deya xabar berdi mamlakat mudofaa vazirligi.

Bundan bir necha soat oldin, Eronga qarshi urushda AQSh bilan birga ishtirok etayotgan Isroil Eron va Qatar o‘rtasida bo‘lingan, dunyodagi eng yirik gaz koni hisoblangan “Janubiy Fors”ga zarbalar bergan edi. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bu “nazorat qilib bo‘lmaydigan oqibatlar”ga olib kelishidan ogohlantirdi.

Tehron, o‘z talqiniga ko‘ra, hujumlar amalga oshirilgan davlatlardagi yonilg‘i, energetika va gaz infratuzilmasi obektlariga zarba berish bilan tahdid qildi. Dunyodagi eng yirik mazkur kon hisobiga Eron ichki gaz ehtiyojining taxminan 70 foizini qoplaydi.

Shu orada Qatar Eronning harbiy attashesi hamda xavfsizlik masalalari bo‘yicha attashesini persona non grata — ya’ni istalmagan shaxslar deb e’lon qildi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ular mamlakatni 24 soat ichida tark etishi kerak. Rasmiy Doha bu qarorini Eron Islom Respublikasining takroriy hujumlari bilan izohladi.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga havo zarbalari bergan edi. Shundan so‘ng Tehron Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar yordamida hujum qila boshladi. Eron Islom Respublikasi bayonotiga ko‘ra, hujumlar nishonlari orasida mintaqadagi Amerika harbiy bazalari ham bor.

Jang harakatlari boshlanganidan beri Eron hujumlari ostida Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qator mamlakatlardagi neft omborlari va neft tashuvchi tankerlar ham qolgan. Shuningdek, Eronning zarbalaridan Ozarboyjon va Yevropa Ittifoqiga a’zo Kipr ham jabr ko‘rgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid