Jahon | 09:39
1549
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eronning gaz sanoatiga zarba berdi

Isroil zarbalari dunyodagi eng yirik gaz koni hisoblangan, Eron Qatar bilan bo‘lishadigan “Janubiy Pars” konniga qaratildi. Eron esa BAA, Saudiya Arabistoni va Qatarning energetika obektlariga hujum qilish bilan tahdid qildi.

Foto: Anadolu Agency

AQSh bilan birgalikda Eronga qarshi urushda ishtirok etayotgan Isroil Fors ko‘rfazi sohilidagi Eronning gaz sanoati obektlariga zarbalar berdi. Chorshanba, 18 mart kuni, Eronning Tasnim va Mehr axborot agentliklari xabar berishicha, Asaluyye sanoat shahri yaqinidagi neft-kimyo korxonalari hujumga uchragan.

Hukumat manbalariga tayanib xabar qilgan Axios portali ma’lumotiga ko‘ra, ushbu zarbalar AQSh bilan kelishilgan va muvofiqlashtirilgan. Tasnim agentligi Busher viloyati vitse-gubernatoriga tayanib xabar qilishicha, gaz qazib olishga oid bir nechta sanoat obektlari nishonga olingan. Hokimiyat aholini hujum qilingan obektlar yaqiniga bormaslikdan ogohlantirdi.

Eron davlat televideniyesi ma’lumotiga ko‘ra, Fors ko‘rfazidagi yirik gaz konida joylashgan qazib olish uskunasi aviatsiya zarbalari natijasida shikastlangan va yong‘in chiqqan. Yong‘in joyiga o‘t o‘chirish guruhlari yuborilgan.

Asaluyye yaqinida Eron Qatar bilan bo‘lishadigan, dunyodagi eng yirik gaz koni hisoblangan “Janubiy Pars” joylashgan. Bu hudud Eron energetikasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat ichki gaz ta’minotining taxminan 70 foizini ta’minlaydi. Eronda qazib olinadigan tabiiy gazning deyarli barchasi ichki iste’mol uchun mo‘ljallangan.

Eron o‘zining gaz sanoatiga zarbalar berilganidan so‘ng “tajovuz manbai”ga qattiq zarba berish, shuningdek, hujumlar amalga oshirilgan hududlardan kelib chiqqan davlatlarning “yonilg‘i, energetika va gaz infratuzilmasi”ga hujum qilish bilan tahdid qildi. Eron davlat televideniyesi “qonuniy nishonlar” ro‘yxatini e’lon qildi, unga Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarining neft-gaz obektlari kiritilgan. Ularga “yaqin soatlar ichida” hujum qilinishi rejalashtirilgani aytildi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, cheklangan to‘qnashuvlar davri tugagan va urush “keng qamrovli iqtisodiy urush” tomon og‘gan. Qo‘mondonlik buni Eronning fuqaroviy va hayotiy muhim infratuzilmasiga hujum qilingani bilan izohlagan.

Eronning neft sanoati asosan Xuziston viloyatida jamlangan. Neft sotish Eron rahbariyati uchun asosiy daromad manbai hisoblanadi, uning eng yirik, garchi norasmiy xaridori bo‘lib, hanuz Xitoy qolmoqda.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Eron bilan urush kengayishi va uning global oqibatlari xavfidan ogohlantirdi. Urush, Berlinda bayonot berilishicha, “nafaqat ushbu mintaqani, balki butun dunyoni eng chuqur inqirozga giriftor qilishi mumkin bo‘lgan haqiqiy keskinlashuv salohiyatiga ega”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid