Jahon | 11:26
743
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat qarzi ilk bor 39 trillion dollardan oshdi

AQSh davlat qarzi tarixda birinchi marta 39 trillion dollarlik chegaradan oshdi. Bu haqda Moliya vazirligi ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdi. Associated Press agentligi yozishicha, bu ko‘rsatkich prezident Tramp ma’muriyatining qarama-qarshi ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib turibdi.

Foto: Stephan Jansen dpa/picture alliance

AQSh davlat qarzi tarixda ilk bor 39 trillion dollardan oshdi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi tomonidan 18 mart, chorshanba kuni taqdim etilgan ma’lumotlarda aytilgan. 38 trillion dollarlik ko‘rsatkich 2025 yil oktyabr oyi oxirida, 37 trillion dollarlik chegara esa o‘sha yilning avgust oyida oshib o‘tilgan edi.

Associated Press agentligi ta’kidlashicha, bu misli ko‘rilmagan miqdor amaldagi prezident Donald Tramp ma’muriyatining bir-biriga zid ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatadi. Gap keng ko‘lamli soliqlarni kamaytirish to‘g‘risidagi qonun, mudofaa xarajatlarini oshirish va immigratsiya xizmati faoliyatini moliyalashtirish haqida bormoqda. Mamlakat Hisob palatasi tushuntirishicha, davlat qarzining o‘sishi amerikaliklar uchun ipoteka va avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari oshishi, korxonalar moliyaviy resurslari kamayishi hisobiga ish haqlari pasayishi, shuningdek tovarlar va xizmatlar qimmatlashishiga olib keladi.

Nodavlat Peter G. Peterson jamg‘armasi raisi Maykl Peterson shunday ogohlantirdi: “Biz bu xavotirli o‘sish sur’atini va kelasi avlod zimmasiga yuklayotgan ulkan moliyaviy yukni tan olishimiz kerak”.

Uning bahosiga ko‘ra, hozirgi o‘sish sur’ati saqlanib qolsa, 40 trillion dollarlik chegara Palata va Senat saylovlaridan avvalroq, ya’ni noyabr oyi boshida kutilayotgan saylovlardan oldin oshib o‘tiladi.

So‘nggi yillarda AQSh davlat qarzi turli geosiyosiy mojarolar va urushlar, soliq imtiyozlari, shuningdek COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash uchun yirik xarajatlar sharoitida juda tez o‘sdi. Bir necha kun avval AQSh Milliy iqtisodiy kengashi direktori Kevin Xassett hisob-kitob qilib, AQSh ishtirok etayotgan Erondagi urush Vashingtonga allaqachon 12 milliard dollardan ortiq mablag‘ga tushganini aytgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid