Tramp va Netanyahu boshlagan Erondagi urush tushunarsiz ko‘rinishda davom etmoqda. Isroil yana ikki eronlik mulozimni o‘ldirdi, lekin Amerika va Isroil urushdan nima kutayotgani hamon mujmal. Avvali urush boshlashning o‘zi xato ish, lekin kimdir bunga jur’at qilsa ham, aniq biror odamni o‘ldirish uchungina butun boshli urush boshlamaydi, undan qandaydir global maqsad ko‘zlangan bo‘ladi.
Hozir urushni muhokama qilayotganlar orasida yana bir fikr mashhur: balki Tramp Eronga atayin hukumatga norozilik avjiga chiqqan, demokratiyaga ehtiyoj ortgan vaqtda hujum qilgandir? Balki Amerika og‘izda «Eron demokratik bo‘lishini istashini» aytib, aslida bunday bo‘lishini xohlamas?
Norozilik avjiga chiqqandi
Bilasizmi, Donald Tramp nega aynan fevral oxirida Eronga hujum qilganiga men ham hayron qolgandim. Chunki Amerika Eron demokratik davlat bo‘lishi kerakligi, u yerdagi tuzum qulashi lozimligini aytib kelardi. Yil boshida Eronda tarixda kuzatilmagan darajada hukumatga qarshi norozlik namoyishlari o‘tkazildi. Namoyishlar ayovsiz bostirildi, mustaqil surishtiruvlarga ko‘ra kamida 6,5 ming eronlik halok bo‘ldi.
Shunga qaramay, eronliklar yuzlab shaharlarda namoyishga chiqdi, norozilik avjiga chiqqanda butun mamlakat bo‘ylab 5 milliongacha odam ko‘chalarga chiqib hukumatga norozilik bildirdi. Ularning asosiy e’tirozi Eron oliy lideri Ali Xominaiyga edi. Millionlab eronliklar mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz, milliy valuta qadrsizlanishi, narx-navo oshib ketgani, inson huquqlari toptalishi va internet doimiy to‘sib qo‘yilayotganidan norozi bo‘lib ko‘chalarga chiqdi.
Eronliklar qurolli zobitlarga qarshi quruq qo‘l bilan, hayqiriqlar bilan kurashayotganda mamlakatda internet butkul o‘chirildi. Odamlar o‘likxonadan olingan videolarni bir necha chaqirim yo‘l yurib, dunyoga ulashdi. Chindan namoyishlar vaqtida eronliklar butun dunyodan yordam kutdi. Amerika «yordam beramiz, biz siz bilan» dedi, Tramp «yordam yo‘lda» dedi. Va... va Amerika Eronni bombalashni boshladi.
Namoyishda o‘lgan fikrdoshining jasadini butun mamlakatdagi o‘likxonalardan izlab, bir amallab topib, uni dafn etib kelayotgan eronlik qarasa, uning bolasi o‘qiydigan maktabga amerikaliklar bomba tashlagan. O‘sha odamlarning ahvolini shunchaki tasavvur qiling. O‘z huquqlarini talab qilib, jonini xatarga qo‘yib repressiya avjiga chiqqan paytda hukumatga qarshi namoyishga chiqqan eronliklar bolasi «sizga yordam beraman» degan davlat raketasidan maktabda halok bo‘ldi. Bu shunchaki dahshat.








