Jahon | 19:52
12299
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron bir-biriga ultimatum qo‘ymoqda

Muzokaralar o‘tkazilgan taqdirda ham bu talablar bo‘yicha kelishuvga erishish imkonsiz.

Foto: Vahid Salemi / AP / Scanpix / LETA

AQSh vositachilar orqali Eronga urushni to‘xtatish haqidagi kelishuv loyihasini yetkazgan. The New York Times xabariga ko‘ra, u 15 banddan iborat. Jurnalistlar to‘liq matnni ko‘rishmagan, ammo matndan xabardor bo‘lgan manbalariga asoslanib, undagi asosiy qoidalarni keltirishgan.

AQShning shartlari

  • Eron o‘z hududida uranni boyitishni to‘liq to‘xtatishi kerak.
  • Eron o‘z yadroviy obektlari, jumladan, Natanz va Fordodagi uranni boyitish zavodlarini, Isfahondagi tadqiqot markazi hamda yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish zavodini demontaj qilishi kerak.
  • Eron o‘zidagi yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini Xalqaro atom energetikasi agentligiga topshirishi kerak.
  • Eron o‘z ballistik raketalari soni va uchish masofasini cheklashi kerak.
  • Eron Yaqin Sharqdagi proksi-guruhlari, jumladan, Livandagi «Hizbulloh», Yamandagi «Ansar Alloh» (husiychilar), Iroqdagi «Kataib Hizbulloh» hamda falastinliklarning Hamas guruhlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi kerak.
  • Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar to‘liq erkin suzishini ta’minlashi kerak.

Bu shartlar bajarilgan taqdirda Erondan barcha sanksiyalar olib tashlanadi. Bundan tashqari, AQSh Bushehrdagi AES qurilishini yakunlashda Eronga yordam va’da qilgan.

Eronning shartlari

The Wall Street Journal jurnalistlari ham manbalarga tayangan holda Eronning shartlari to‘g‘risida xabar berishgan.

  • AQSh va uning ittifoqchilari Eronga yetkazilgan zararni to‘liq qoplashi kerak (hozircha bu zararning taxminiy miqdori ham ma’lum emas).
  • Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemachilik ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishi va o‘tayotgan kemalardan to‘lov undirishi kerak – xuddi Misr Suvaysh kanalidan foydalanuvchi kemalardan to‘lov undirgani kabi.
  • AQSh Eronga o‘zi hamda ittifoqchilari (birinchi navbatda Isroil) tomonidan boshqa hujum qilinmasligiga kafolat berishi kerak.
  • Isroil Livanda «Hizbulloh» guruhiga qarshi amaliyotini to‘xtatishi kerak.
  • AQSh Yaqin Sharqdagi barcha harbiy bazalarini yopishi kerak (bunday bazalar Fors ko‘rfazining barcha mamlakatlarida – Kuvayt, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA, shuningdek, Iroq, Iordaniya va Suriyada mavjud).
  • Erondan barcha sanksiyalar bekor qilinishi kerak.
  • Eron raketa dasturiga hech qanday cheklov qo‘yilmaydi.

Bundan nima chiqadi?

To‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar boshlanadimi, yo‘qmi, bunisi noma’lum, ammo mojaroning ikki tomoni ham oldindan o‘zini g‘olib deb hisoblamoqda. AQSh ham, Eron ham kelishib bo‘lmaydigan maksimalistik talablarni ilgari surmoqda.

Axios nashri yozishicha, Eron talablaridagi maksimalizm mamlakat rahbariyati Tramp muzokaralarga jiddiy yondashmayapti deb hisoblayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. AQSh Yaqin Sharqda harbiy ishtirokini kuchaytirishda davom etmoqda – xususan, mintaqaga desant bo‘linmalari tashlanmoqda.

Erondagilar fikricha, ehtimoliy muzokaralarni muhokama qilish eronliklarning hushyorligini pasaytirish uchungina mo‘ljallangan. AQSh esa Eron muzokaralarga rozilik bermasa, unga nisbatan harbiy bosimni kuchaytirishi haqida ogohlantirmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid