Jahon | 18:19
3342
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eron floti qo‘mondonini o‘ldirdi

U Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘sib qo‘yilishi uchun bevosita mas’ul bo‘lgani aytilgan.

SEPAH NEWS / AFP

Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni, admiral Alirizo Tangrisiy Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Israel Kats ma’lum qildi.

Kats uni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashtirish va kemalar qatnovini to‘sib qo‘yish bo‘yicha «terrorchilik amaliyoti uchun bevosita javobgar shaxs» deb atagan.

Isroillik harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, Tangrisi Islom inqilobi muhofizlari korpusi yuqori martabali qo‘mondonlari Bandar-Abbos shahrida o‘tkazayotgan yig‘ilish joyiga zarba yo‘llash orqali o‘ldirilgan.

Isroil mudofaa vaziri bu amaliyotni Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yo‘llangan «noma» deb atagan. «Isroil mudofaa armiyasi sizni ta’qib qiladi va birin-ketin yo‘q qiladi», – degan Kats.

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlaganidan keyin Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ydi va undan o‘tmoqchi bo‘lgan kemalarga hujum qila boshladi. Mojaro boshidan buyon kamida 22 ta kema hujumga uchragan. Fors ko‘rfazida bo‘g‘ozdan o‘tishga botina olmagan 3200 ta kema to‘planib qolgan. AQSh prezidenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish talabi bilan Eronga ultimatum qo‘ymoqda. 25 mart kuni Tehrondagilar bo‘g‘oz «dushman bo‘lmagan» kemalar uchun ochiqligini ma’lum qilgan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini ochiq okean bilan bog‘laydi. Bu Yaqin Sharqdan xomayosh yetkazib berish yo‘lidagi muhim uchastka hisoblanadi: jahondagi neft xomashyosining qariyb 35 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning qariyb 20 foizi shu suv yo‘li orqali tashiladi.
 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid