Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Haj mavsumining boshlanish sanasi va haker tomonidan sotuvga qo‘yilgan ma’lumotlar – mahalliy dayjest
O‘zbekistonda 2026 yilgi Haj mavsumi 2 maydan boshlanadi hamda 18 mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. PPX xodimi yosh qizga shilqimlik qilganlikda ayblandi, IIBB holatni rad etdi. Kiberxavfsizlik markazi xodimlari haqida ekani aytilgan ma’lumotlar haker tomonidan sotuvga qo‘yildi. Sirdaryoda soliqchi pora sifatida tilla taqinchoq olganda ushlandi.
«Haj – 2026» mavsumi 2 maydan boshlanadi
O‘zbekistonda 2026 yilgi Haj mavsumi 2 maydan boshlanadi hamda 18 mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar O‘zbekistonning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga uchadi.
Joriy yilda ham O‘zbekiston uchun 15 ming dona kvota ajratilgan. Haj safarining narxi bir kishi uchun 77 million 73 ming so‘m (qariyb 6400 dollar) qilib belgilandi.
PPX xodimi yosh qizga shilqimlik qilganlikda ayblandi, IIBB holatni rad etdi
Toshkent viloyati, Ohangaron shahrida PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga tog‘li hududga olib borib, shilqimlik qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti holat tekshirilayotganini, xodim ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Keyinchalik, holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB izoh berdi. Qayd qilinishicha, xabarda keltirilgan iddaolar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Ta’kidlanishicha, holat 27 aprel kuni tunda sodir bo‘lgan. Ohangaron shahar IIB PPX xodimiga tanishi 22 yoshli ayol qo‘ng‘iroq qilib, maslahat olish zaruratini aytib chaqirgan. PPX xodimi mashinada yetib borgan vaqtida ayol va uning 14 yoshli qiz tanishi mashinaga o‘tirgan. Shu vaqtda 18 yoshli yigit 4 nafar tanishi bilan kelib, xodimni haqoratlab, janjal ko‘targan.
IIBB holat voyaga yetmagan qiz ishtirokida bo‘lgani sababli, to‘liq tafsilotlar hozircha ochiqlanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, ish yakuniga ko‘ra yolg‘on axborot tarqatgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rilishini qo‘shimcha qildi.
Kiberxavfsizlik markazi xodimlari haqida ekani aytilgan ma’lumotlar haker tomonidan sotuvga qo‘yildi
Noma’lum haker O‘zbekiston «Kiberxavfsizlik markazining ichki tizimlariga muvaffaqiyatli kirib borganini» da’vo qilib, 100 nafar xodim haqidagi ma’lumotlarni darknetda e’lon qildi. U bundan ham maxfiyroq ma’lumotlar borligini aytib, narxini 200 ming dollarga baholagan.
Kiberxavfsizlik markazi holat yuzasidan izoh berib, dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mazkur tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi. «Ta’kidlash lozimki, Kiberxavfsizlik markazi ichki axborot tizimlari buzilmagan va bunday turdagi ma’lumotlar bazasidan foydalanilmaydi», deyiladi DUK rasmiy bayonotida.
Sirdaryoda soliqchi pora sifatida tilla taqinchoq olganda ushlandi
Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi mansabdor xodimi zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxona go‘yoki 1 mlrd so‘mdan yuqori savdo aylanmasini yashirib, majburiy to‘lovdan bo‘yin tovlagani bahonasida unga nisbatan sun’iy shakllantirilgan 145 mln so‘m jarimani qo‘llamaslikni, shuningdek, kelgusi faoliyatida rahnamolik qilishni aytgan.
So‘ngra ushbu «xizmati» evaziga korxona rahbaridan 10 mln so‘mlik tilla taqinchoqni olgan vaqtida tezkor tadbirda DXX tomonidan ushlandi. Hozir unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
19:50 / 28.04.2026
Marg‘ilonda yangi turizm majmuasi va 7 millionga yaqinlashgan o‘rtacha ish haqi – mahalliy dayjest
18:35 / 27.04.2026
Qo‘qondan Marg‘ilonga yangi poyezd va Angrenda yuk mashinasi ishtirokidagi fojia - mahalliy dayjest
19:08 / 24.04.2026
Credit House ishi bo‘yicha qamalganlar va Surxon daryosi o‘zaniga oqqan neft – mahalliy dayjest
19:02 / 23.04.2026