Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda o‘marilgan soliq keshbeki va jangga shay 26 «oq bo‘ri» – mahalliy dayjest
Andijonda bir guruh shaxslar tomonidan 35 mlrd so‘mlik soliq keshbeki o‘marildi. O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2026 uchun 26 futbolchidan iborat yakuniy tarkibi e’lon qilindi. «Navoiyazot» huzurida 1 mlrd dollarlik yangi kimyo loyihalari amalga oshiriladi. Antikorrupsiya agentligi huquq organi xodimining pora olishni rad etgani uchun mukofotlanishini noto‘g‘ri deb hisobladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Navoiyazot» huzurida 1 mlrd dollarlik yangi kimyo loyihalari amalga oshiriladi
Navoiy viloyatida kimyo sanoatida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 1 milliard dollarlik 10 ta yangi kam tonnali kimyo loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan kimyo sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda kimyo sohasiga 8,3 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Natijada PVX, “yashil” vodorod, ko‘pikli polipropilen va BOPP plyonka kabi 60 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Shu bilan birga, kimyo sanoatida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ham saqlanib qolmoqda. Xususan, tarmoq o‘sish sur’atlari respublika sanoati o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan past ekani, kimyo mahsulotlari importi esa yiliga 4,5 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi.
Huquq organi xodimining pora olishni rad etgani uchun mukofotlanishi noto‘g‘ri — Antikorrupsiya agentligi
Xizmat vazifasini bajarish jarayonida pora olishdan voz kechgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini moddiy rag‘batlantirish huquqiy jihatdan nomuvofiq, deb hisoblamoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi. Idora bu amaliyotni bekor qilish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqqan.
Avvalroq Navoiyda ming dollar porani rad etgan YPX xodimiga 12 mln 360 ming so‘m (taqriban ming dollarga teng) pul mukofoti topshirilgan, bu esa tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Kun.uzʼning bu boradagi so‘roviga javoban Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarni asosli deb hisoblashini ma’lum qildi.
O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2026 uchun yakuniy tarkibi e’lon qilindi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoaning jahon chempionatida ishtirok etuvchi 26 nafar futbolchidan iborat tarkibini e’lon qildi. «Oq bo‘rilar»ning jangga shay tarkibidan uch nafar darvozabon, o‘n nafar himoyachi, o‘n nafar yarimhimoyachi va uch nafar hujumchi joy oldi.
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov, Abduvohid Ne’matov, Botirali Ergashev.
Himoyachilar: Abduqodir Husanov, Hojiakbar Alijonov, Farruh Sayfiyev, Rustam Ashurmatov, Umar Eshmurodov, Sherzod Nasrullayev, Abdulla Abdullayev, Avazbek O‘lmasaliyev, Jahongir O‘rozov, Behruz Karimov.
Yarimhimoyachilar: Akmal Mozgovoy, Otabek Shukurov, Jamshid Iskanderov, Odil Hamrobekov, Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Dostonbek Hamdamov, Aziz G‘aniyev, Abbosbek Fayzullayev, Sherzod Esanov.
Hujumchilar: Eldor Shomurodov, Igor Sergeyev, Azizbek Omonov.
Andijonda 35 mlrd so‘mlik soliq keshbeki o‘marildi
Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq” ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘ keshbek sifatida talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi.
Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bir qancha fuqaro o‘zaro til biriktirib, ko‘plab yangi korxona ochib, ular o‘rtasida jami 1,1 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarini rasmiylashtirgan.
So‘ngra go‘yoki savdodan tushgan pul mablag‘larini kirim qilib, fuqarolarga sotilgani haqida chek chiqarib, jami 100 ming nafardan ortiq fuqaroga “Soliq” ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berilgani oqibatida 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuraturaga yuborildi.
Mavzuga oid
22:00 / 26.05.2026
Kitobxon yoshlar uchun 50 ming dollar va me’yordan issiq iyun - mahalliy dayjest
18:37 / 25.05.2026
Maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq va gullar festivalidagi rekord - mahalliy dayjest
18:35 / 22.05.2026
Hayitda saxovat ishlari va 500 ming so‘mlik feyk banknota – mahalliy dayjest
19:38 / 21.05.2026