O‘zbekiston | 19:23
1827
3 daqiqa o‘qiladi

«Boysundagi avariya 2027 yilda to‘liq to‘xtatiladi» - Abdug‘ani Sanginov

«O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovga ko‘ra, «Mustaqillikning 25 yilligi» konidagi avariya oqibatlarini 2027 yilning birinchi yarmida to‘liq bartaraf etish rejalashtirilyapti. Muammoni hal qilish uchun xorijiy hamkorlar bilan texnik hisob-kitoblar o‘tkazilgan va Xitoyning CNPC korporatsiyasiga qarashli CCDC kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida 2024 yilning sentabr oyidan buyon davom etayotgan texnogen vaziyat oqibatlarini 2027 yilning birinchi yarmida to‘liq bartaraf etish rejalashtirilyapti. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Uzdiplomat nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Sanginovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Boysundagi vaziyat aholiga jiddiy noqulayliklar tug‘dirayotgani va zarar yetkazayotganini tan oladi.

«Boysundagi vaziyat hozir haqiqatan ham xalqimizga juda katta zarar yetkazyapti. Hurmatli prezidentimiz bu yerga kelganlarida menga uch-to‘rt marta topshiriq berdilar: Boysunni yopib berishimiz shart», — dedi u.

«O‘zbekneftgaz» rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muammoni hal qilish uchun xorijiy hamkorlar bilan texnik hisob-kitoblar o‘tkazilgan va Xitoyning CNPC korporatsiyasiga qarashli CCDC kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan. Hozirda shartnoma rasmiylashtirish ishlari yakunlanmoqda va kompaniya mutaxassislari Boysun koniga yetib kelib, amaliy ishlarni boshlagan.
 
«Yil oxirigacha texnika „M-25“ koniga yetkazib beriladi. 2026 yilning dekabr oyi oxirigacha yana to‘rtta qo‘shimcha quduqni burg‘ilash ishlari boshlanadi. 2027 yilning birinchi yarmida 100 foiz yopiladi», — degan Abdug‘ani Sanginov.
 
«O‘zbekneftgaz» rahbarining ta’kidlashicha, Boysun loyihasi bo‘yicha Rossiya, AQSh va Janubiy Koreya kompaniyalarining takliflari ham o‘rganilgan.

«Bir nechta kompaniya bilan muzokaralar olib bordik. Rossiyaning, Amerika va Koreya kompaniyalarining takliflarini ko‘rib chiqdik. Tahlillar natijasida eng yaxshi texnik yechim va taklif Xitoyning CNPC korporatsiyasi tomonidan berildi va biz shu kompaniyani tanladik», — dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, Xitoy kompaniyasi bilan hisob-kitob tabiiy resurslar berish orqali emas, balki moliyaviy asosda amalga oshiriladi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid