Jahon | 11:50
3007
11 daqiqa o‘qiladi

Eronning “yuragi” – Xarg oroli fors davlati uchun qanchalik muhim?

Fevral oyi oxirida AQSh va Isroil Eronga raketa zarbalari bera boshlagach, Arab ko‘rfazi shimolida joylashgan Xarg oroli eng ko‘p tilga olingan obektlardan biri bo‘ldi. Hatto Trampning o‘zi ham bu orolning “kulini ko‘kka sovurish” bilan tahdid qildi. Bu bejizga emas. Eron nefti eksport qilinadigan asosiy port va terminallar aynan Xarg orolida joylashgan.

1984 yilda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi Xarg orolini “Eronning asosiy obekti” deb atagan edi. Xo‘sh, Arab ko‘rfazida joylashgan bu orol Eron uchun qanchalik muhim?

2026 yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga raketa zarbalari bera boshladi. Oqibatda Arab ko‘rfazidan Hind okeaniga chiqadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilib qoldi va bu jahon bozorida neft narxining qimmatlashishiga sabab bo‘ldi.

Oradan 40 kun o‘tgach, 8 aprel kuni tomonlar ikki haftalik sulhni imzoladi. Shundan so‘ng aviazarbalar qisman to‘xtadi. Biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiqligicha qoldi.

Keyin AQSh Eron portlarini blokada qilishni boshladi. Bu orada Hurmuz bo‘g‘ozini ochganini e’lon qilgan Eron uni yana yopib oldi. Hozirda bo‘g‘oz Eron nazorati ostida qolmoqda va sulhdan so‘ng Huruz yana ochildi.

Xarg oroli qachon Eron tarkibiga kirgan?

Bir paytlar forslarning Sosoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan Xarg oroli keyinchalik Islom dini keng tarqalgach, arablar nazoratiga o‘tadi.

Atlantika okeani qirg‘oqlaridan Xitoy chegarasigacha hukmronlik qilgan arablar Xarg orolidagi port orqali Hindiston, Xitoy, Hindixitoy, Koreya yarimoroli va Janubiy-Sharqiy Osiyodagi boshqa mamlakatlarga savdo kemalari yuboradi.

O‘z navbatida Osiyo va Afrikadan Bag‘dod xalifaligiga keltiriladigan ko‘plab yuklar shu orol orqali o‘tadi. O‘sha paytlarda undan Arab ko‘rfazi atrofida joylashgan arab qabilalari hamda forslar ham birday foydalangan.

Vasko da Gama Hindiston yo‘lini ochgach, portugallar Arab ko‘rfaziga ham kirib kelishadi va Xarg oroli ular nazoratiga o‘tadi. Keyinchalik orolni portugallardan gollandlar tortib oladi va unga Delft deb nom beradi. Gollandlar bu yerda “Ost Indiya” kompaniyasi ofisini ochadi.

Orada Xargni yana arablar egallab oladi. Portugallar orolga hujum qiladi. Shu tariqa Xarg bir necha marta portugallar va arablar o‘rtasida talash bo‘ladi.

1766 yilda Erondagi Bandar Rig shahrining arab hokimi orolga hujum qiladi va u yerdan gollandlarni butunlay quvib yuboradi.

1837 yilda Xarg oroli Britaniya tomonidan bosib olinadi. Biroq mahalliy aholi bosh ko‘taradi va inglizlar orolni tark etadi. 1856 yilda Angliya-Eron urushidan avval Britaniya Xargni qaytarib oladi.

1900-yillar boshlarida orol forslar nazoratiga o‘tadi va shundan so‘ng u Eron tarkibida qoladi.

Eronning muhim hududi

1901 yilda kelib chiqishi ozarboyjonlardan bo‘lgan Qojarlar sulolasi hukmdori shoh Muzaffar ingliz tadbirkori Uilya Noks D’Arsiga Eronda neft qidirish uchun ruxsat beradi.

1908 yilda muhandis Jorj Raynolds boshchiligidagi guruh birinchi neft konini burg‘ilaydi va Eronda “qora oltin” qazib olina boshlanadi.

1909 yilda Angliya-fors neft kompaniyasi tashkil etiladi. Keyinchalik uning nomi “British petrolium” deb qayta nomlanadi. Ikkinchi jahon urushi tugashi arafasida sovet davlati Eron shimolidagi neft konlarini nazoratga olishga urinadi. Biroq Britaniya va AQSh bosimi ostida bu ish sodir bo‘lmaydi.

1956 yilda Eron va uning g‘arblik hamkorlari Xarg orolida neft saqlash omborlari va port terminallarini qura boshlaydi. 1959 yilda Eronning materik qismidan orolga uzunligi 159 km bo‘lgan neft quvurlari tortiladi.

1960 yilda terminal rasman ochiladi va bu yerdan tankerlarga neft ortish boshlanadi. Keyinchalik oroldagi terminal kengaytiriladi va yana bir nechta neft quvurlari tortib kelinadi.

Shu tariqa Xarg oroli Eronda qazib olinadigan neftning asosiy qismi yuklanadigan muhim obektga aylanadi.

Garchi orol Eron uchun muhim bo‘lsa ham 1960-yillarda uning rasmiy maqomi belgilanmagan, ayrim qo‘shnilar ham unga egalik da’vosini qilardi.

O‘sha paytlarda Eron Saudiya Arabistoni bilan Arab ko‘rfazidagi chegara bo‘yicha kelishuvga erishadi. Shundan so‘ng Xarg oroli rasman Eronga o‘tadi.

1969 yilda fors davlati AQShning Amoko kompaniyasiga Xarg orolida terminal qurish uchun ruxsat beradi. 1970-yillarda Xarg orolida forslar yana ikkita yirik terminal barpo etadi.

Natijada oroldagi terminallar bir sutkada bir necha mln barrel neftni tankerlarga yuklab berish quvvatiga ega bo‘ladi va Xarg dunyodagi neft eng ko‘p yuklanadigan obektga aylanadi.

1979 yilda Eronda davlat to‘ntarishi amalga oshiriladi. Eron shohi Rizo Pahlaviy xorijga qochadi. Hokimiyat oyatulloh Xumayniy boshchiligidagi dindorlarga o‘tadi.

Shuningdek, Erondagi barcha neft konlari, ularni qayta ishlash zavodlari, terminallar va boshqa obektlar milliylashtiriladi. G‘arb kompaniyalari quvib yuboriladi.

Shundan so‘ng AQShning Amoko kompaniyasi o‘z mulklari uchun Erondan tovon puli talab qiladi. O‘n yildan ortiq davom etgan bahslardan so‘ng 1990 yilda Eron Amoko kompaniyasiga 600 mln dollar to‘lashga rozi bo‘ladi.

Bu pulning 540 mln dollari Arab ko‘rfazidagi to‘rtta burg‘ilash platformasi va Xarg orolidagi terminal uchun, 60 mln dollar esa oroldagi Amoko kompaniyasi qurgan neft-kimyo majmuasi uchun to‘lab beriladi.

1980-1988 yillar oralig‘ida Eron-Iroq urushi bo‘lib o‘tadi. Ana shu urushda Iroq aviatsiyasi Xarg orolidagi terminallarni bombardimon qiladi va ularga jiddiy zarar yetkazadi. Eron terminallarni urush tugaganidan so‘ng bir necha yil davomida ta’mirlashga majbur bo‘ladi.

21-asrga kelib Eron eksport qilayotgan neftning asosiy qismini Xarg orolidagi terminallardan yuklay boshlaydi. Jumladan, 2010 yillarda Eron Xarg orolidagi terminallar orqali kuniga bir necha mln barrel neft eksport qiladi.

AQSh Xarg oroliga hujum qilsa nima bo‘ladi?

Eronga raketa zarbalari berish boshlanganidan so‘ng AQSh prezidenti ko‘p marta turli gaplar bilan fors davlatiga do‘q urdi. Ana shu po‘pisalar orasida Arab ko‘rfazi shimolida joylashgan Xarg orolining kulini ko‘kka sovurish haqidagi gaplar ham bor edi.

Eron tomoni Trampning do‘q-po‘pisalarini pisand qilmadi. Biroq tahlilchilarga ko‘ra AQSh Xarg orolidagi infratuzilmalarni vayron qilsa, buning oqibati nafaqat Eron, balki forslar neft eksport qiladigan davlatlar uchun yomon asorat qoldiradi.

Bunda Eron neft eksport qiladigan asosiy portlar va terminallardan ayriladi va ularni tuzatish uchun yillar kerak bo‘ladi.

Shuningdek, AQShning Xarg oroliga hujumi Erondan neft xarid qiladigan mamlakatlarda yoqilg‘i inqirozini yuzaga keltirishi mumkin.

Yaqingacha AQShga raqobatchi bo‘lgan davlatlarga asosan uchta mamlakat – Rossiya, Eron va Venesuela neft sotardi. AQSh joriy yil yanvarda Venesuelada maxsus amaliyot o‘tkazdi, mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olib, uni rafiqasi bilan birga Qo‘shma Shtatlarga keltirdi.

Venesuelada hokimiyat vitse-prezident Delsi Rodrigezga o‘tdi va u AQSh bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi. Shundan so‘ng Venesuela faqat AQSh ruxsat bergan davlatlarga neft sotyapti. Ruxsat berilmagan davlatlarga neft eksporti to‘xtatildi. Venesuelaning Kubaga neft bermay qo‘yishi bunga misol bo‘la oladi.

Endi Rossiyaga keladigan bo‘lsak, vaziyat Ukrainaga bostirib kirishdan oldingi holatdan tamoman farq qiladi. Urush boshlanganidan so‘ng Rossiyaning neft eksporti ancha qisqardi. Ana shunday vaziyatda Xitoy kabi davlatlar asosan Eron neftini xarid qilishga o‘tdi.

Agar AQSh Xargdagi neft terminallarini vayron qilsa, birinchi navbatda Xitoy yoqilg‘i taqchilligiga duch kelishi mumkin. Chunki aholisi 1,4 milliarddan oshgan davlatda yoqilg‘iga bo‘lgan talab juda katta va Xitoy neftning asosiy qismini Erondan xarid qiladi.

Qolaversa, Xarg orolidagi neft eksport qiluvchi infratuzilmalar vayron qilinsa, Eron ham bunga javoban Arab ko‘rfazidagi davlatlarga raketa va dronlar bilan hujum qilishi va oqibatda mintaqadagi vaziyat batamom izdan chiqib ketishi mumkin.

Shu sababli ham barcha salbiy oqibatlar inobatga olindi shekilli, AQSh Xarg oroliga zarba bermadi. Eron esa oroldagi portlar va terminallar orqali neft eksport qilishda davom etmoqda. Harholda Xitoy Erondan xarid qilingan neftni Arab ko‘rfazidan olib chiqib ketmoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi so‘nggi voqealar

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat may oyi o‘rtalariga kelib biroz jiddiylashdi. 13 may kuni Ummon qirg‘oqlari yaqinidagi suvlarda Afrikadan BAAga chorva mollari olib kelayotgan Hindiston yuk kemasi cho‘ktirildi.

Hindiston hujumni qoraladi va ekipajning barcha 14 nafar a’zosi O‘mon qirg‘oq qo‘riqlash xizmati tomonidan qutqarilganini ma’lum qildi.

14 may kuni BAAning Fujayra porti yaqinida langar tashlagan kema Eron harbiylari tomonidan nazoratga olingani xabar berildi. O‘sha paytda Xitoyda bo‘lib turgan Donald Tramp bu xabar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi va Tehronga nisbatan sabr-toqati tugab borayotganini aytdi.

“Mening ortiqcha sabr qilish niyatim yo‘q. Ular kelishuvga erishishlari kerak”, dedi Tramp Xitoyda bergan intervyusida.

Hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan Eronning shartlarini qabul qilgan mamlakatlarning kemalari o‘tib qaytmoqda. Avvalroq AQSh Eron portlarini blokada qilganini e’lon qilgandi, biroq bu naf bermadi va Xitoy kemalari bu joydan o‘tib qaytishda davom etdi. Hozirda AQSh Eron portlarini blokada qilishni to‘xtatgan. Eron ham Hurmuz bo‘g‘ozini ochgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida Eron qo‘shni O‘mon bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini birgalikda nazorat qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid