O‘zbekiston | 07:43 / 02.11.2021
12188
3 daqiqa o‘qiladi

Bozorlardagi davlat ulushi sotiladi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda ulardagi davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e'lon qilindi.

Hududlar rivojlanish darajasi va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, bozor va savdo komplekslarini qulay savdo maskanlariga aylantirish hamda ulardagi davlat ulushlarini sotish jarayonini shaffof va oshkoralik asosida o‘tkazish maqsadida, qaror loyihasining:

1-ilovasiga muvofiq, ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) birinchi bosqichda eksperiment tariqasida “hammasi bir joyda” tamoyili asosida zamonaviy ko‘rinishga keltirish sharti bilan belgilangan tartibda sotiladigan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati;

2-ilovasiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladigan faoliyat ko‘rsatmayotgan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati tasdiqlanadi.

Bunda, bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarini sotish shartlari va usullari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga asosan belgilanadi.

Shuningdek, qaror loyihasi bilan ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotiladigan bozor va savdo komplekslari faoliyatini, ulardagi mulkiy masalalar bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish hamda aniqlangan muammoli masalalarni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etiladi.

Bozor va savdo komplekslarini sotishdan oldin tayyorlash va savdolarga chiqarish, hududiy komissiyalar ishini muvofiqlashtirishni amalga oshirish bo‘yicha Davaktiv agentligi huzurida budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Bozor va savdo komplekslari boshqaruv ofisi tashkil etiladi.

Shu bilan bir qatorda, qaror loyihasida bozor va savdo komplekslari ustav kapitalidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari aksiyalari (ulushlari)ni sotishda:

sotishdan tushgan mablag‘larning respublika budjetiga taqsimlanadigan qismi, istisno tariqasida, tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltirilishi;

bozor va savdo komplekslari ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalar ulushi mavjud bo‘lganda, ularning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqarilishi;

ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotilgunga qadar bozor va savdo komplekslari tomonidan ularning mol-mulklarini sotish, yirik bitimlar tuzish, aktivlarini garov ta'minoti sifatida va boshqa tarzda tasarruf etish qat'iyan man etilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid