Iste'mol bozorini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga oid hukumat qarori qabul qilindi
Kartoshka ekiladigan maydonlar hajmi kamida 10 foizga oshiriladi. Shuningdek, 78 ming tonna o‘simlik yog‘i, 40 ming tonna go‘sht import qilinadi.
«Ichki iste'mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yilda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ichki resurslar hisobidan ta'minlash darajasi oshiriladi.
Shuningdek, hududlar kesimida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning prognoz hajmlari tasdiqlandi.
Qarorda respublika bo‘yicha jami 2 million 449 ming 108 tonna kartoshka, 227 ming 222 tonna guruch, 1 million 584 ming 863 tonna go‘sht, 8 trillion 124 milliard 595 ming dona tuxum ishlab chiqarish belgilangan.
Shuningdek, 78 ming tonna o‘simlik yog‘i, 64 ming tonna shakar, 300 ming tonna kartoshka, 40 ming tonna go‘sht import asosida keltirilishi nazarda tutilgan.
Har yili ekib kelinayotgan kartoshka maydonlaridan kamida 10 foizga ko‘p, jami 87 ming gektardan kam bo‘lmagan maydonlarga kartoshka ekilishi uchun urug‘lik zaxirasi yaratiladi.
Chetdan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari keltirish maqsadlari uchun tijorat banklari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga aylanma mablag‘lar uchun belgilangan tartibda kreditlar ajratiladi.
Ma'lumot uchun, 2020 yilda oziq-ovqat sektorida inflatsiya darajasi 15,3 foizni tashkil qilgan. Xususan, o‘tgan yil davomida mol go‘shti 21,1 foiz, qo‘y go‘shti 25,6 foiz, yog‘ va moylar 27 foiz, tuxum 44,1 foiz, kartoshka 42 foiz, guruch 25,6 foizga qimmatlashgan. Bu mahsulotlar aholining kundalik iste'molidagi eng asosiy mahsulotlar ekanligini hisobga olsak, bu juda yuqori ko‘rsatkichdir.
Avvalroq, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida 2021 yilga belgilangan chora-tadbirlar ma'lum qilingandi.
Shuningdek, kartoshka narxlarining oshish sabablari va bunga sabab bo‘layotgan omillar haqida ma'lumot berilgandi.
Mavzuga oid
12:22 / 23.12.2024
Kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish yo‘lga qo‘yiladi
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
20:23 / 10.12.2024
Yog‘-moy mahsulotlari eksportiga ruxsat berilishi mumkin
11:18 / 27.11.2024