08:52 / 30.01.2020
14
78181
Talaba bo‘lish orzusi sarobga aylandi. Noma'lum ta'lim dasturi jabrlanuvchilariga kim yordam beradi?

Angliyaning yetakchi universitetlarida va O‘zbekistonda joylashgan xalqaro universitetlarda o‘qish orzusida bo‘lgan 41 nafar yoshlar qariyb 7000 ming AQSh dollaridan to‘lab, «Foundation year» degan yangi dastur asosida 6 oy o‘qiganidan so‘ng o‘zlari kutgan natijaga erisha olmagan. Oqibatda to‘lagan pullariga kuyib qolmoqda.

Bir necha kun oldin tahririyatga bir guruh yoshlar murojaat bilan kelishdi. Ularning aytishicha, 2019 yilda «NCUK foundation» (NCUK – Britaniyaning shimoliy universitetlari konsorsiumi) dasturi bo‘yicha ta'lim beradigan «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta'lim muassasasiga 7 ming AQSh dollari to‘lab, 6 oylik dastur bo‘yicha o‘qishni boshlashgan.

O‘ziga xos katta tantana bilan tashkil etilgan ochilish marosimida Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi elchisi Kristofer Allan, Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulchehra Rixsiyeva, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuxamedov, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashev, Yoshlar ittifoqi raisining amaldagi raisi (u vaqtda birinchi o‘rinbosar) Alisher Sa'dullayev hamda Xalq ta'limi vazirligi vakillarining ishtirok etgani, bu tadbirlar esa mahalliy televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgani yoshlarning ushbu loyihaga qiziqishi yanada ortishiga sabab bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» o‘z faoliyatini 2019 yil yanvar oyidan boshlagan. Fuqaro Feruza Omonova ushbu nodavlat ta'lim muassasasining direktori lavozimida ishlagan va muassasaning tashkil bo‘lishida bevosita bosh-qosh bo‘lgan. Aziz Hamidov esa o‘zini regional direktor deb atagan.

Ta'lim muassasasi tomonidan o‘quvchilarga bu dastur – universitet oldi tayyorgarlik dasturi ekani, bu ta'lim muassasanini bitirib, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchilar Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya va Irlandiya davlatlaridagi universitetlardan tashqari, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti va Xalqaro Vestminster universitetiga ikkinchi kursdan, hech qanday imtihonlarsiz qabul qilinishi haqida ma'lumotlar berilgan.

Tahririyatga shikoyat bilan kelgan abituriyentlar ta'lim muassasasiga qabul jarayonida mutassaddilar tomonidan aldov ishlatilgani, darslar juda tez o‘tilgani sababli ko‘p mavzularga tushuna olishmagani, yakuniy imtihon vaqtida o‘tilmagan mavzulardan ham savollar tushgani, imtihondan esa deyarli barcha o‘quvchilar yiqilgani, qolaversa imtihon varaqalarini ko‘rishga ruxsat bo‘lmagani va apellyatsiya topshirish imkoni ham berilmaganini ma'lum qilishdi. O‘quvchilarning dardini tinglagach, ta'lim muassasasida bo‘lib, Aziz Hamidovning o‘zidan izoh oldik.

Uning aytishicha, ta'lim muassasasi olgan litsenziya faqatgina maktabdan tashqari ta'lim berish huquqini berar ekan.

«O‘zbekiston uchun «Foundation» yangi dastur. Biz bu dasturni o‘qitadigan O‘zbekistondagi birinchi markazmiz. Bu o‘rta ta'lim ham, oliy ta'lim ham emas - bu alohida dastur. Bu yerda, O‘zbekiston dunyo ta'lim tizimini endi o‘zlashtirayotganini ham inobatga olish kerak, «Foundation» dasturini o‘qib, imtihonlardan qoniqarli baho olgan o‘quvchilar NCUK universitetlarida imtihonlarsiz, ikkinchi kursdan o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Foundation» dasturi Angliyada oliy ta'limning bir qismi hisoblanmaydi. Angliyada maktabda 12 yil, bakalavr darajasiga erishish uchun esa 3 yil o‘qiladi», - deydi u.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, markazda yo‘l qo‘yilgan aksariyat xato va kamchiliklarga, qolaversa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va'dalar berilishiga, muassasaning sobiq direktori Feruza Omonova tomonidan yo‘l qo‘yilgan.

A.Hamidovga ko‘ra, «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta'lim muassasasi vakillari O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan muzokaralar olib borgan. Biroq, muzokaralarda ushbu universitetlar tomonidan talabalar umumiy asoslarga ko‘ra qabul qilinishi, «NCUK foundation» dasturini tamomlaganlar uchun alohida imtiyoz yoki ustunlik huquqi berilmasligi ma'lum qilingan.

Lekin, tahririyatga murojaat qilgan markaz o‘quvchilari taqdim etgan videolavhalarda Aziz Hamidov abituriyentlarga ushbu ta'lim dargohini bitirib, Toshkentdagi Vestminster va Turin politexnika universitetlari hamda Singapur menejmentni rivojlantirish institutlariga imtihonlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi kursdan o‘qishga qabul qilinishlariga ishontirgan.

Bundan tashqari, bu kabi ma'lumotlar «Sevimli» va «Mening yurtim (MY5)» telekanallari orqali ham efirga uzatilgan.

Bu holatga yanada aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster va Turin politexnika universitetlari hamda Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bilan bog‘landik. Mazkur oliy ta'lim muassasalari deyarli bir xil: «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» bilan hech qanday shartnoma, kelishuv yoki memorandum bo‘lmagani, «NCUK foundation» sertifikatlariga ega o‘quvchilarning nomzodlari esa individual tarzda ko‘rib chiqilib, ingliz tili darajasini tasdiqlovchi tegishli sertifikatlari bo‘lgan taqdirdagina, ushbu ta'lim dargohlarining aynan birinchi bosqichi (kursi)da o‘qish uchun hujjat topshirishi mumkinligini ma'lum qilishdi.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining marketing bo‘yicha katta menejyeri quyidagilarni ma'lum qildi: «Bu nodavlat ta'lim muassasasi Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bilan hech qanday shartnoma yoki memorandum yo‘qligiga qaramay, o‘z targ‘ibot ishlarida bizning institut nomini bemalol ishlatishi juda hayratlanarli hol. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim qonunchiligiga ko‘ra, 11-sinfni bitirgan o‘quvchilar oliy ta'lim muassasasining ikkinchi bosqichiga o‘qishga qabul qilinmaydi».

Darhaqiqat, «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta'lim muassasasida kollej va litsey bitiruvchilaridan tashqari, 11-sinf maktab o‘quvchilari ham tahsil olishgan.

Hayratlanarlisi, Aziz Hamidovning so‘zlariga ko‘ra, sobiq direktor Feruza Omonova boshchiligidagi avvalgi rahbariyatning qilgan eng katta xatosi: maktabda o‘qiyotgan bolalarni parallel tarzda o‘qishga qabul qilgani ekan. Vaholanki, aynan ushbu ma'lumot Aziz Hamidovning shaxsan o‘zi tomonidan 2019 yil yanvar oyida «NCUK foundation Tashkent» telegram-guruhiga tashlangan videoda aytib o‘tilgan edi. 

Taraflarning qarama-qarshi fikrlariga oydinlik kiritish maqsadida Feruza Omonova bilan ham uchrashib, suhbatlashdik. Omonova garchi tahririyatga tashrif buyurgan bo‘lsada videointervyu berishni istamadi. Uning xohishiga ko‘ra, suhbat audio shaklida yozib olindi.

Aytish mumkinki, suhbat chog‘ida Omonova Aziz Hamidov u kishini nimada javobgar deb hisoblayotgan bo‘lsa, xuddi o‘sha masalalarni Hamidovning o‘ziga yukladi. Feruza Omonova bilan bo‘lgan suhbatdan quyidagi iqtiboslarni keltirishimiz mumkin:

- «Men direktor bo‘lishimga qaramay, Aziz Hamidov meni hech qanday ishga aralashtirmas edi»;

- «Ta'lim sifatiga Jyeniffer Krisp degan akademik direktor javobgar bo‘lgan»;

- «Mening fikrimcha, Aziz Hamidov bolalarni Angliyaga jo‘natmaslik va o‘zi Toshkent shahrida ochishni rejalashtirayotgan universitetiga o‘qishga olish maqsadida, imtihon baholarini atayin pasaytirgan bo‘lishi mumkin»;

- «Aziz Hamidov o‘quvchilarning orqasidan, ularni haqorat qilar edi»;

- «Aziz Hamidov bitta o‘quvchini qasddan, noqonuniy tarzda markazdan haydab yuborgan, uni o‘qishdan haydash to‘g‘risidagi buyruq noqonuniy bo‘lgani uchun men uni imzolamaganman»;

- «Aziz Hamidov o‘quvchilarga nisbatan adolatsizlik qildi. Bolalar imtihondan yiqilganlaridan keyin, ularga apellyatsiya topshirish imkonini bermadi».

Biroq, Feruza Omonova Aziz Hamidov manziliga aytilgan yuqoridagi gaplarini tasdiqlovchi biror-bir hujjat taqdim etmadi.

«O‘quvchilar bilan bo‘lgan holat qonuniy, lekin adolatsiz bo‘ldi», - deb hisoblaydi muassasaning ayni kundagi sobiq direktori.

Mutassadilar o‘rtasida yuzaga kelgan bu nizoda, ta'lim muassasasida 7000 AQSh dollari evaziga o‘qigan yosh avlod va ularning ota-onalarida nima ayb bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Lekin tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, bu ta'lim muassasasida o‘qiganlar va ularning ota-onalari o‘z vaqtlari va naqdlariga e'tiborsiz bo‘lgani turgan gap. Chunki, bu markazga o‘qishga kirish shartnomasida muassasa vakillari tomonidan va'da qilingan ayrim kafolatlar aks ettirilmagan.

Misol uchun, shartnomaning 6-bandida yozilishicha, «Markazda dasturni o‘zlashtirib, imtihonlardan o‘tish ballini olgan o‘quvchilarga NCUK universitetlariga kirish kafolatlangan. O‘quvchining qaysi universitetga kirishi esa olgan ballariga bog‘liq», deb yozilgan, ya'ni Toshkent shahrida joylashgan xalqaro universitetlarda o‘qishni davom ettirish shartnomada ko‘zda tutilmagan. Bu faqat og‘zaki ravishda va'da qilingan.

Biroz avval Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'limni nazorat qilish davlat inspeksiyasi «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta'lim muassasasi litsenziyasiga oid quyidagi xabarni e'lon qilgan edi:

Darvoqe, jurnalistik surishtiruvlar davomida shuni aniqladikki, ayni kunda Feruza Omonova ta'sischilar bilan yuz berayotgan kelishmovchiliklar sabab o‘quv markazidagi egallab kelgan lavozimidan bo‘shatilgan. Omonova o‘zining ishdan bo‘shatilishini g‘ayriqonuniy deb hisoblab, sudga da'vo ariza kiritgan. «Omonova ham farishta emas» deb hisoblayotgan Aziz Xamidov esa unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni so‘rab prokuratura organlariga shikoyat qilgan.

Ushbu surishtiruvda aytilgan gaplar qanchalik rost yoki yo‘qligi, kim haq va kim nohaqligi, kim kimning oldida javobgarligini vakolatli organlar hal qiladi. Biz esa faqatgina ochiq qolgan savollarni aytib o‘tishni lozim topdik, xolos.

Xo‘sh:

Markaz olgan litsenziya O‘zbekistonda bu turdagi ta'limni berish uchun yetarli asos bo‘la oladimi?

Markaz mutassaddilari tomonidan berilgan va'dalarning yolg‘on bo‘lib chiqqani va buning orqasidan insonlar bir necha o‘n million miqdordagi pullariga kuyib qolgani huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqiladimi?

Ushbu markazdagi ta'lim turi va uning sifati kim tomonidan nazorat qilinishi lozim edi va nima uchun o‘z vaqtida nazorat qilinmagan?

Ushbu ta'lim muassasasida o‘qib, bugungi kunda hech qayerga o‘tmayotgan sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘quvchilar qismati nima bo‘ladi?

Kun.uz tahririyati o‘nlab fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotgan mazkur nizoga vakolatli davlat idoralari e'tibor qaratishiga umid bildirib qoladi.

Jamshidxon Ziyoxonov
Dilshod Abdukadirov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top