O‘zbekiston | 00:15 / 16.06.2017
14426
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev madrasalar, maqbaralar, muqaddas qadamjolar va Islom madaniyat markazi haqida

15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'naviy meros masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

"Keyingi vaqtda men joylarda bo‘lib, hududlarimiz hayoti bilan yanada yaqindan tanishar ekanman, shunday bir fikrga ishonch hosil qilyapmanki, biz hali yurtimizni, uning o‘ziga xos tarixi, madaniyati, ulug‘ olimu ulamolarini, bebaho ma'naviy merosimizni to‘liq o‘rganganimiz yo‘q. 

Misol uchun, Qashqadaryo zaminida buyuk alloma, moturidiya ta'limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy bobomiz yashab o‘tganlar. U kishi uzoq muddat Buxoro va Samarqandda tahsil olib, kalom ilmi, ya'ni islomiy e'tiqod pokligi masalasida 15 ga yaqin kitob yozganlar. Ana shu kitoblarida, bundan ming yil oldin din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlar, dedi Shavkat Mirziyoyev. - Biz saylovoldi uchrashuvlarida va'da qilgan edik. Hammangiz “oynai jahon” orqali ko‘rdingiz, buyuk hadisshunos alloma Iso Termiziy bobomizning Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi mangu oromgohlarini har tomonlama obod qilib, u yerda alohida ilmiy markaz barpo etdik. 

Xudo xohlasa, Nasafiy bobomiz ziyoratgohida ham ana shunday muazzam majmua barpo etamiz, bu ulug‘ zotning kitoblarini tarjima qilib, nashrdan chiqaramiz.

Mana shunday savobli ishlarni Buxoroda Bahouddin Naqshband hazratlarining qadamjolari bo‘yicha, Toshkentda Imom Termiziy nomidagi masjid va Suzuk ota maqbarasi bo‘yicha boshlab yuborganimizdan sizlar albatta xabardorsiz, deb o‘ylayman".

Shu bilan birga, davlat rahbari tarixiy-diniy merosimizni o‘rganish, tiklash ishlari hamma joyda ham talab darajasida emasligiga diqqatni qaratdi.

"Yaqinda Buxoro viloyatida safarda bo‘lganimizda, mashhur Mir Arab madrasasini ko‘rib, to‘g‘risi, ancha xijolat bo‘ldim. Necha zamonlardan buyon xalqimizga, dinimizga xizmat qilib kelayotgan, nafaqat yurtimiz, balki musulmon dunyosida shuhrat qozongan qanchadan-qancha ulamolarni kamolga yetkazgan bu muqaddas dargoh achinarli holga tushib qolgani albatta afsuslidir. 

Bugungi kunda mazkur diniy o‘quv maskanining nufuzi va maqomini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bu yerdagi qadimiy binolarni tubdan ta'mirlash, yon-atrofdagi hududni obodonlashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday ezgu ishlarimiz qatorida biz hozir yana bir yirik loyihani amalga oshirish ustida ish olib boryapmiz.

Ma'lumki, bizning mintaqamiz, avvalambor, bugungi O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi.

Xalqimizning ana shunday boy tarixiy, ilmiy, ma'naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida azim poytaxt Toshkent shahrida "Islom madaniyati markazi"ni barpo etilganini ta'kidladi. 

Nega deganda, “Jaholatga qarshi – ma'rifat” shiori ostida mana shunday markazni tashkil etishni bugun davrning o‘zi taqozo etmoqda", - dedi Prezident. 

Ushbu markazni mashhur Xastimom majmuasi hududida tashkil etish, bu yerda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk islom olimlari, alloma va mutafakkirlari, jahon madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan ulug‘ shoir va adiblar, rassom va xattotlarga oid boy ma'lumotlarni mujassam etish ko‘zda tutilmoqda.

Markaz avvalo me'moriy va binokorlik nuqtai nazaridan nihoyatda ulug‘vor, muhtasham va noyob bo‘lishi lozim. Ushbu majmua o‘zida nodir eksponatlarga boy muzey va kutubxonani mujassam etadi. Shu bilan birga, bu yerda keng ko‘lamda ilmiy-tadqiqot ishlari ham olib boriladi. 

Bu maskanga tashrif buyuruvchilar bir vaqtning o‘zida islom olamining o‘nlab eng yorqin namoyandalarining hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Masalan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi aziz-avliyolarimiz, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari alloma va mutaffakirlar, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib kabi musavvirlarning bebaho merosidan namunalar, ular tavallud topgan va faoliyat ko‘rsatgan tarixiy shaharlar manzaralari turli noyob eksponatlar orqali aks ettiriladi.

Bizga vatandosh bo‘lgan har bir alloma va mutafakkirning hayoti va faoliyatiga ekspozitsiyada alohida bir bo‘lim bag‘ishlanadi. 

O‘zbekistonda ularning sharafiga barpo etilgan me'moriy yodgorliklar maketlari, qo‘lyozma va bosma asarlar, xattotlik namunalari, o‘sha davrdagi amaliy san'at buyumlari va boshqa eksponatlar shu bo‘limlarda namoyish etiladi. 

O‘z vaqtida Sohibqiron Amir Temur bobomiz yurtimizga olib kelgan muqaddas Qur'oni karimning Usmon nusxasi mazkur muzeyning markazida nur sochib, butun zalni charog‘on etib turadi.

Aziz do‘stlar, fursatdan foydalanib, barchangizni ana shu savobli ishda o‘z taklif va maslahatlaringiz bilan faol ishtirok etishga chaqiraman", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid