14:44 / 30.08.2020
20523

«Zamonaviy ustaxona ochishni reja qilganman» - "Optimist"da duradgor qiz hikoyasi

Kun.uz'ning «Optimist» loyihasi navbatdagi qahramoni – Hulkar Norpo‘latova. Toshkent viloyati Chinoz tumanining Gulzorobod qishlog‘ida yashovchi 20 yoshli qiz otasining hunari – duradgorlikni davom ettiryapti.

Hozir Hulkar otasidan o‘rgangan hunarini singillariga ham o‘rgatyapti. Ular oilaviy tarzda buyurtmalar olib, eshik-romlar, ayvonlar uchun ustunlar va yog‘ochdan boshqa turli narsalar yasashadi.

«Kichik yoshimdan juda ko‘p kasblarga qiziqqanman. Arxitektor bo‘lishni maqsad qilgandim, lekin taqdir taqozosi bilan duradgorchilik yo‘nalishini tanladim. Bu hunarga qiziqishim 12 yoshimdan boshlangan. Chunki o‘sha paytda dadam uydan ustaxona ochgan edi. Dadamning ishiga qiziqib, kuzata boshlaganman va birinchi marta qalamdon yasaganman. 16 yoshimdan mustaqil tarzda duradgorlik uskunalarida ishlashni boshladim», – deydi Hulkar.

CDAs4wFLGxAQ-goZ-666UCEYvFpNcYnL.jpg (1280×720)

Hulkarning dadasi Normuhammad aka Eshtoyev bilan ham suhbatda bo‘ldik.

«Boshida buyurtma asosida duradgorchilik ishlarini bajarar edim. Vaqti-soati kelib, ustaxona ochganimda sog‘ligimni yo‘qotib qo‘ydim. Ishlash qobiliyatini yo‘qotganimdan keyin bir muddat ustaxonada ishlash uchun vodiydan usta olib keldik.

Sog‘ligimdan juda xavotirda edim. Agar menga to‘satdan biror narsa bo‘lsa, bolalarimning ahvoli nima bo‘ladi, deb tashvishlanardim. Shuning uchun qizim Hulkarga hunarimni o‘rgata boshladim. Hozir u juda yaxshi ishlayapti. Yasayotgan narsalaridan ham ko‘nglim to‘ladi.

6 nafar farzandim bor, katta qizimni turmushga uzatganman. Hozir uyda 7 kishimiz. Hulkar qizim singillari bilan oilani ham to‘liq ta'minlab kelmoqda», – deydi ota.

Hulkar, asosan, yasaladigan narsalarni bichib beradi. Singillari va amakivachchalari unga yordamlashadi.

«Og‘ir yuk ko‘tarish kerak bo‘lganda, qiyin ishlar bo‘lganda amakimning o‘g‘illari yordam beradi. Shuning uchun qiynalmayman. Har kuni ishlarimizni avval rejalashtirib, keyin boshlaymiz. Agar shunday qilinmasa, ulgurish qiyin bo‘ladi», – deydi Hulkar.

U eshik-romlar uchun ishlatiladigan taxtalarni tanlab olishda yog‘ochlarning ko‘zi yo‘qligiga, quruqligiga e'tibor berish kerakligini aytadi.

«Ko‘zli taxtadan yasaladigan narsalar unchalik chiroyli chiqmaydi, lekin ishini yaxshi tushunadigan duradgor kerakli narsani yasash paytida yog‘ochni to‘g‘ri joylashtirsa, taxtalarning ko‘zlari borligi bilinmaydi», – deydi u.

Hulkar ba'zi odamlar buyurtma berish uchun kelganda eshik-romlarni kim yasashini so‘rashi, o‘zi yasashini aytganida ba'zilar ishonmasligi, lekin kerakli narsalarning o‘lchamini so‘rab, rejalashtirib bergach, buyurtma berib ketishlarini aytdi.

Hulkar hozir o‘zi ishlayotgan ustaxonani zamonaviy qilib qayta qurishni rejalashtirgan. U keyinroq singillari bilan mebel ishlab chiqaradigan alohida sex, tikuvchilik sexi ham ochishni rejalashtirgan. Otasi Normuhammad aka esa qizlariga ishonadi.

Biz ham Hulkar va uning singillariga maqsadlariga erishishlarini tilaymiz.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzu
“Optimist” rukni
Kun.uz tengdoshlaridan g‘ayrat-shijoati va kreativligi bilan ajralib turadigan yoshlar haqida turkum ko‘rsatuvlar berib bormoqda.
Barchasi
Top