Ukrainadagi urushning O‘zbekistonga ta’siri: xalqaro prognozlar va tavsiyalar
XVJ, YeTTB, Jahon banki va Fitch reyting agentligi kabi xalqaro moliya tashkilotlari 2022 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozlarini keskin pasaytirdi. XVJ missiyasi O‘zbekistonga bozorlarni ochish, biznes uchun teng sharoitlar yaratish, mulk huquqi va qonun ustuvorligini ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi faolroq kurashish, shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirishni tavsiya qildi.
Ukrainada Rossiya tomonidan boshlangan urush ko‘plab davlatlar iqtisodiyotiga sezilarli salbiy ta’sir qilmoqda. So‘nggi haftalarda xalqaro moliya tashkilotlari xususan O‘zbekistonning ham iqtisodiy o‘sishiga oid prognozlarni sezilarli pasaytirdi.
Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki 2022 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi bo‘yicha prognozini 6 foizdan 4 foizga, Jahon banki 6 foizdan 3,4 foizga, Xalqaro valuta jamg‘armasi 6 foizdan 3-4 foizga, Fitch reyting agentligi 5,5 foizdan 3,1 foizga pasaytirdi.
Shu yil 31 martdan 13 aprelgacha Toshkentda bo‘lgan Ron van Ruden boshchiligidagi Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston tomoni bilan maslahatlashuvlardan so‘ng o‘zining yakuniy bayonotini e’lon qildi.
Global tendensiyalarning ta’siri
Hisobotda yozilishicha, O‘zbekistonda pandemiya davri nisbatan muvaffaqiyatli kechgan. Yetarli zaxiralar va oltin bahosining oshishi hukumatga pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish imkonini bergan. 2020 yil oxirida boshlangan iqtisodiy tiklanish 2021 yilda ham davom etgan va o‘sish 7,4 foizgacha tezlashgan. Global oziq-ovqat va xomashyo narxlarining bosimi inflatsiyani oshirgan, ammo nisbatan qattiq pul-kredit siyosati sabab bu ko‘rsatkich 2021 yil oxiriga kelib 10 foizgacha pasaygan.
“Pandemiyaning ta’siri kamaygan bir paytda Ukrainadagi urush va Rossiyaga joriy etilgan sanksiyalar yangi noaniqlikni keltirib chiqardi va O‘zbekiston iqtisodiyotining istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi, shuningdek, pul o‘tkazmalari hamda energetika va tog‘-kon sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun asosiy manba ham hisoblanadi.
Savdodagi uzilishlar, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi va global moliyaviy sharoitlarning keskinlashishi mamlakat rivojlanishiga qo‘shimcha to‘siqlarni keltirib chiqaradi. O‘zgaruvchanlik va noaniqlik birmuncha vaqt yuqori bo‘lib qolishi kutilmoqda”, deyiladi hisobotda.
Kutilmalar
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda 2022 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi ilgari prognoz qilingan 6 foiz darajasida emas, balki 3-4 foizgacha bo‘lishi mumkin.
Pul o‘tkazmalarining qisqarishi umumiy importning kamayishi va tovarlar eksportidan keladigan daromadlarning oshishi bilan qisman qoplanishi kutilmoqda.
XVJ ekspertlariga ko‘ra, global oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining keskin o‘sishi tufayli O‘zbekistondagi inflatsiya joriy yil 12 foizni tashkil etishi mumkin.
Prognozlar yuqori noaniqlik bilan tavsiflangan va yanada pastga tushish xavflari ustunlik qiladi. Bu urushning kuchayishi va sanksiyalar rejimining qattiqlashishi, shuningdek, virusning yangi shtammlari paydo bo‘lishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyaning yangi to‘lqini bilan bog‘liq. Shu sabab O‘zbekistonda emlash dasturlarini davom ettirish zarurligi ta’kidlangan.
Boshqa asosiy savdo hamkorlar, jumladan, Xitoy, Turkiya va Qozog‘istondagi o‘sish sur’atlarining sekinlashishi va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi ham O‘zbekistonga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Mamlakat rasmiylari qisqa muddatda Ukrainadagi urush oqibatlarini yumshatishga e’tibor qaratish borasida to‘g‘ri qaror qabul qildi. Iqtisodiy siyosat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, zaif oilalarni qo‘llab-quvvatlash, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Korxonalar transchegaraviy tranzaksiyalarni ruxsat berilmagan kanallar yordamida amalga oshirish orqali nisbatan tez moslasha olgan ko‘rinadi. Biroq logistika muammolari jiddiy bo‘lib, kechikishlarga olib keladi va xarajatlarni sezilarli darajada oshiradi”, deyiladi XVJ missiyasi xulosalarida.
Qayd etilishicha, pandemiya davrida budjet taqchilligi ortib, 2021 yilda YaIMga nisbatan 6 foizga yetgani sababli 2022 yil uchun tasdiqlangan budjet taqchilligini YaIMga nisbatan 3 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan edi. Hozirgi sharoitda xarajatlarni qayta taqsimlash va investitsiya rejalarini qaytadan ko‘rib chiqish bilan taqchillikni YaIMning 4 foizi atrofida ushlab turish mumkin.
Shu bilan birga, kelgusi yillarda budjet defitsitini YaIMning 3 foizigacha cheklash majburiyati qo‘yilganini hisobga olsak, O‘zbekistondagi qarz inqirozi xavfi pastligicha qolmoqda. Mamlakat xalqaro zaxiralarining yuqori darajada ekani va qarzlarning uzoq muddatga olingani qarz inqirozi xavfini yanada kamaytiradi.
O‘zbekistondagi banklarning sanksiyalar ostidagi rus banklariga nisbatan risk darajasi cheklangan bo‘lsa-da, savdo va pul o‘tkazmalarining qisqarishi muammoli kreditlar (NPL) hajmining oshishiga olib kelishi mumkin.
Tavsiyalar
Pandemiya davrida nafaqa oluvchilar soni 2 barobarga oshirildi, manzilli ijtimoiy yordamlar ko‘lami kengaydi. XVJ vakillariga ko‘ra, bu boradagi keyingi qadam – mustahkam pensiya va keksa yoshdagi kambag‘allikdan himoya tizimining asoslarini yaratish bo‘lishi kerak.
Pensiya tizimiga tushumlarni oshirishga imtiyozlarni bekor qilish hamda soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish orqali erishish mumkin. Bu, o‘z navbatida, 2023 yilda QQS stavkasini 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirishga zamin yaratadi.
Tez o‘sib borayotgan ishchi kuchi va qaytib kelayotgan mehnat muhojirlari oqimini ish bilan ta’minlashda xususiy sektorning o‘sishi uchun sharoit yaratish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yangi ish o‘rinlarini avvalo kichik va o‘rta korxonalar orqali yaratilishiga erishish lozim.
Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi, shuningdek, quyidagi tavsiyalarni ilgari surgan:
- bozorlarni ochish va biznes uchun teng imkoniyatlar yaratish;
- ko‘plab farmon va qarorlar chiqarish o‘rniga, bozor tamoyillariga asoslangan mustahkam qonunchilik bazasini ishlab chiqish; biznes yuritishni soddalashtirish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish va sud tizimi mustaqilligini ta’minlash orqali mulk huquqi himoyasi va qonun ustuvorligini oshirish;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirishni tezlashtirish (bu chora investorlarga qo‘shimcha himoya bo‘ladi); yerga egalik qilish huquqini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi yerlari bozorini yaratish (bu chora fermerlarga mablag‘ jalb etish imkonini beradi);
- JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar va GSP+ doirasida sertifikatlashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
- iqtisodiyotda davlatning rolini sezilarli kamaytirish, hozirgi sharoitlarda qiyin bo‘lsa-da davlat korxonalarini xususiylashtirish;
- energetika islohoti orqali raqobatga asoslangan energetika bozorini yaratish, resurslarning samarali taqsimlanishiga erishish.
XVJ mutaxassislarining ta’kidlashicha, kelgusi yillarda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va tarkibiy o‘zgarishlarni jadallashtirish o‘sish sur’atlarini o‘rta muddatli istiqbolda yiliga 5-6 foizlik tendensiyaga qaytarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon bankining tahlillari
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish darajasini 3,6 foizgacha sekinlashtiradi, inqirozgacha bu ko‘rsatkich 6 foizga baholanayotgan edi.
Rublning zaiflashishi va Rossiya iqtisodiyotining pasayishi tufayli pul o‘tkazmalarining keskin qisqarishi, neft, bug‘doy va o‘simlik yog‘i narxining oshishi O‘zbekistonda aholi iste’molini keskin kamaytirishi mumkin.
“O‘zbekiston 2022 yil davomida jahon bozorida oltin, mis, tabiiy gaz kabi xomashyo mahsulotlari narxlarining yuqori bo‘lishidan foyda ko‘rishi mumkin, ammo pul o‘tkazmalarining qisqarishi joriy hisob taqchilligini yalpi ichki mahsulotning 10 foizigacha oshirishi mumkin. Yuzaga kelayotgan hisob defitsitining o‘sishi yangi davlat qarzlarining jalb etilishi va zaxiralardan foydalanish hisobiga moliyalashtirilishi kutilmoqda”, deyiladi Jahon bankining hisobotida.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, tovarlar eksporti va xususiylashtirishdan tushgan tushumlarning oshishi pul o‘tkazmalariga qaram bo‘lgan uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq ijtimoiy xarajatlarni qoplashga yordam beradi.
Shuningdek, 2022 yilda umumiy budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 4 foizigacha kamayishi prognoz qilingan. Bundan tashqari, 2022−2023 yillarda mamlakatning davlat qarzi rekord darajada o‘sib, YaIMga nisbatan 42 foizgacha yetishi mumkinligi keltirib o‘tilgan. Mazkur ko‘rsatkich 2024 yil oxiriga kelib YaIMga nisbatan taxminan 40 foiz darajasida kamayishi mumkin
YeTTB kutilmalari
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oxirgi hisobotida Ukrainada kechayotgan urushning Markaziy Osiyo mintaqasiga ta’sirini baholab, mintaqadagi YaIM o‘sish sur’atini avvalgi 4,8 foiz ko‘rsatkichlardan 3,2 foizga pasaytirdi. Xususan, O‘zbekistonda YaIM o‘sishi prognozi 6 foizdan 4 foizgacha, Qozog‘istonda – 3,8 foizdan 2 foizgacha, Qirg‘izistonda – 5 foizdan 1 foizgacha, Tojikistonda – 6,2 foizdan 3 foizgacha pasaygan.
“Rossiyadan pul o‘tkazmalari Qirg‘izistonda YaIMning 31 foizini, Tojikistonda 26,7 foiz va O‘zbekistonda 11,4 foizni tashkil etgan holda, mazkur davlatlar uchun xorijiy valutadagi eng muhim daromad manbayi hisoblanadi. Rossiyada qurilish sohasida band bo‘lgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari o‘z vataniga qaytishi natijasida mehnat bozorlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keladi”, deyiladi YeTTB prognozlarida.
Avvalroq, Fitch Ratings 2022 yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’atini 5,5 foizdan 3,1 foizga pasaytirgandi. O‘z navbatida respublikaning suveren kredit reytingi BB– (barqaror) darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Fitch o‘z hisobotida mamlakatning xomashyo tovarlariga bog‘liqligi, institutsional va boshqaruv sifati darajalari sustligi, yuqori inflatsiya darajasi va aholi jon boshiga YaIM pastligini respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirgandi.
Mavzuga oid
11:28 / 20.11.2024
Hukumat investitsiya kompleksi iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushiradi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
20:57 / 08.11.2024
Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi
19:18 / 05.11.2024