O‘zbekiston | 15:01 / 25.07.2025
19924
6 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada ommaviy bezorilik uyushtirgan Otabek Vallomov 6,5 yilga qamaldi

Sud Farg‘ona shahridagi kompyuter klubida sodir etilgan bezorilik jinoyatida Otabek Vallomovdan tashqari yana 5 yigitni aybdor deb topib, ularning barchasiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinladi. Mashhur tadbirkorning o‘g‘li ekani aytilgan Vallomov o‘shanda fuqarolarni kaltaklab, “kerak bo‘lsa klubni sotib olishi”ni aytgandi.

“Vallomov ishi”da sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Jinoyat ishida jami 6 nafar yigit ayblangan. Ular 27 yoshli Otabek Vallomov, 27 yoshli Muhammadaziz G‘ulomjonov, 28 yoshli Muhammad Qodirov, 26 yoshli Nazirjon Mahmudjonov, 24 yoshli Muhammadali Omonullayev va 26 yoshli Xojiakbarxon Mamajonov.

Hukmda keltirilishicha, Otabek Vallomov va boshqa sudlanuvchilar 2025 yil 21 fevral kuni soat 17:40 larda bir guruh bo‘lishib, Farg‘ona shahridagi “Verona” kompyuter o‘yinlari klubiga borishgan. Ular o‘yin o‘ynash jarayonida baqir-chaqir qilishib, jamoat tartibi va boshqa mijozlarning tinchligini buzishgan.

Klub ish yurituvchisi F.Xudoynazarov ularni tartibga chaqirib, tinchlik saqlashlarini, baqir-chaqir qilmasliklarini so‘ragan. Biroq sudlanuvchilar janjal chiqarib, F.Xudoynazarovni, so‘ngra klub ishchisi F.Musayevni kaltaklashgan. Bezorilar tegishli organlarga xabar bermoqchi bo‘lgan klub ish yurituvchisi M.Suyarqulovni ham hech bir sababsiz urib, unga qasddan og‘ir tan jarohati yetkazishgan va voqea joyidan ketib qolishgan.

Otabek Vallomov sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va F.Xudoynazarov onasini haqorat qilgani uchun urganini aytgan.

“Verona” klubiga ilgaridan borib turardik. Borganimizda bir kishi o‘yin uchun to‘lov qilardi va ishchilar kompyuterlarni birdaniga yoqib berishardi. Doim yaxshi kutib olishib, samimiy munosabatda bo‘lishgan. O‘rtamizda adovat bo‘lmagan. O‘yin vaqtida quloqchinlar taqib, o‘yinga berilib ketardik, baland ovozda gaplashardik. Lekin bu bo‘yicha bizga hech kim e’tiroz bildirmagan.

Voqea kuni klubga bordik. F.Xudoynazarov kassada turgandi, unga salom berdik, u alik olmadi. O‘yinga pul berdim va kompyuterlarni ochishini so‘radim. F.Xudoynazarov hamma alohida to‘lov qilishini so‘rab ko‘pol munosabatda bo‘ldi. Bu holatdan hayron bo‘ldim.

2 ta jamoaga bo‘linib o‘ynashni boshladik. 10-15 daqiqadan keyin o‘yinga berilib ketib, ovozimizni baland ko‘tardik. Shunda ko‘zim F.Xudoynazarovga tushib qoldi, u bizga so‘kinib baqirdi. Uning gapini o‘zimga olmasdan, o‘ynashda davom etdim. Oradan 2-3 daqiqa o‘tib, F.Xudoynazarov oldimga keldi va “senga gapiryapman” deb kompyuterni o‘chirib qo‘yishini aytdi. Unga bu yer kutubxona emasligini, baland ovozda gapirib o‘ynashimiz mumkinligini tushuntirdim.

F.Xudoynazarov gapining orasida onamni haqorat qilib so‘kindi. Shunda uning gaplariga chiday olmasdan, yuziga urib yubordim. M.Suyarqulov ham so‘kinib, menga tashlandi. Uning ham yuziga shapaloq bilan urdim”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Otabek Vallomov tadbirkorligini, qo‘l ostida 100 nafardan ortiq ishchi borligini, qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.

Qolgan sudlanuvchilar ham Otabek Vallomovnikiga o‘xshash ko‘rsatmalar bergan.

Jabrlanuvchi F.Xudoynazarov sudda esa Vallomovni so‘kmagani, onasini ham haqorat qilmaganini ma’lum qilgan.

“Qoida bo‘yicha klubda mijozlar baqir-chaqir qilishganda ogohlantirish beramiz. Voqea kuni sudlanuvchilar baqir-chaqir qilishganiga boshqa mijozlar e’tiroz bildirishdi. Shuning uchun sudlanuvchilar oldiga bordim. Sudlanuvchilar ularga so‘kinganim haqida noto‘g‘ri ko‘rsatma berishmoqda. Olgan tan jarohatlarim bo‘yicha 3 kun shifoxonada davolandim”, degan u.

Jabrlanuvchilar yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar qoplanganini, sudlanuvchilarga nisbatan da’volari yo‘qligini aytishgan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi va 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “b,ye,k” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Otabek Vallomovga 6,5 yil, Muhammadaziz G‘ulomjonov, Muhammad Qodirov, Nazirjon Mahmudjonov, Muhammadali Omonullayev va Xojiakbarxon Mamajonovga 5,5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 14 iyuldagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Kun.uz fevral oyida Otabek Vallomov va uning sheriklari kompyuter klubi xodimlarini kaltaklagani haqida xabar bergandi. Klubdagi shovqin-suron va fuqarolarni kaltaklashni boshlagan yigit o‘zining «Otabek Vallomov» ekanini aytib, kerak bo‘lsa klubni sotib olishini bildirgan. U «xohlagan odamingni boshlab kel», deb baqirgan.

Otabek Vallomov Farg‘onadagi mashhur tadbirkor Baxtiyor Vallomovning o‘g‘li. Baxtiyor Vallomov 2018 yilda Marg‘ilondagi “Fayz-binokor Oltiariq” korxonasi rahbari o‘rinbosari sifatida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvonini olgan edi.

Mavzuga oid