10:24 / 27.11.2019
2
6434

Turizm va ta'lim birlashganda

Madaniyatlar, ilm-fan chorrahasida joylashgan Samarqand shahri yana bir muhim voqeaga guvoh bo‘ldi. Qisqa fursat ichida O‘zbekiston oliy ta'lim sohasida ulkan o‘zgarishlar qilishga muyassar bo‘lgan «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti o‘z maqomini yana bir bor isbotladi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti hamkorligida 25 noyabr kuni Samarqand shahrida «Turizm va ta'lim: o‘zaro hamkorlik va taraqqiyot yo‘llari» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada dunyoning ko‘plab davlatlaridan, jumladan, Singapur, Mo‘g‘uliston, Bosniya va Gersegovina, Pokiston, Portugaliya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Polsha, Qirg‘izistondan tashrif buyurgan turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi ilg‘or mutaxassis va olimlar ishtirok etishdi.

Konferensiya o‘z oldiga O‘zbekistonning turizm sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishning yagona ko‘p bosqichli tizimini shakllantirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy va amaliy tavsiyalar almashish uchun xalqaro platforma yaratish, shuningdek, mazkur vazifalarni hal etishda ta'lim va biznes hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishni maqsad qilib qo‘ygandi.

Nufuzli ilmiy anjuman  doirasida «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti  va Koreyaning «Kyong Xe» universiteti bilan o‘zaro xamkorlik shartnomasi, Qozog‘istonning Miras universiteti bilan ikki tomonlama «Double degree»  qo‘shma dasturi memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Singapurning Turizm markazi bilan «Central Asia and South East Asia Tourism Center» (Markaziy Osiyo va janubi-sharqiy Osiyo xalqaro turizm tadqiqot markazi)ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markazning bosh maqsadi - Markaziy Osiyo davlatlarining sayyohlik brendlarini Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ilgari surish va ulardan tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini oshirish hamda Markaziy Osiyo davlatlarida janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining turizm salohiyatini targ‘ibot qilishdan iboratdir.

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining ko‘p sonli aholisi uchun Markaziy Osiyo qulay turizm maskani hisoblanadi. Ayniqsa, Xitoy, Indoneziya, Fillipin kabi davlatlardan tashrif buyuradigan sayyohlar sonining oshishi Markaziy Osiyo mamlakatlarida yangi ish o‘rinlari sonini ko‘paytiribgina qolmay, balki aholi daromadining salmoqli darajada oshishiga hamda turizmda xalqaro integratsiyaning yanada kuchayishiga olib keladi.

Markaz Markaziy Osiyo va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan turli konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar va ilmiy ma'ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi.

Shuningdek, turizm sohasida faoliyat olib borayotgan yetakchi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida ilmiy – tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Markaz ochilish marosimi yakunida «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti talabalari tomonidan ishlab chiqilgan «Oqtosh dam olish maskani», «Eat Out», «Shock Gallery», «Caravan festival», «Virtual ekskursiya»,  «New and Modern tour package», «Mobile ilova», «Tea Khana» - «Start up» loyihalari g‘oliblari Janubiy Koreya davlati  Global Business Alliance (GBA) tashkiloti homiyligida pul sertifikatlari bilan mukofotlandi.

Konferensiyaning davomi sifatida «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida «Xalqaro master-klass» haftaligi e'lon qilindi. Ushbu mahorat darslari anjumanga tashrif buyurgan jahon standartlari darajasidagi xorijlik yetuk olim va mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi.

Samarqand shahrini jahon turizmining ilg‘or markazlaridan biri ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, «Ipak yo‘li» universiteti kelgusida yetishtiradigan professional kadrlarning mamlakatimiz ilmiy salohiyatidagi o‘rni beqiyos bo‘lajak.

Bugungi xalqaro konferensiya «Ipak yo‘li» universitetining jahon standartlari, ilm-fani sari ildam borayotganining yana bir yorqin isboti bo‘lib, turizm va ta'lim o‘rtasidagi ko‘prikni mustahkamlash, istiqbolli rejalarni amalga oshirish uchun maydon bo‘lib xizmat qilgusidir. 

«Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti
faoliyatini ilgari surish bo‘limi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top