20:39 / 25.06.2021
13399

“Abdulla Qodiriy bog‘i chiqindixonaga aylangan” - Ekopartiya

Qator tanqidiy maqolalar ortidan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent bog‘laridagi quriyotgan daraxtlar bo‘yicha reyd boshladi. Dastlabki reydda shahar markazidagi Abdulla Qodiriy bog‘i chiqindixonaga aylangani, investorlarga berilgan lotlarda daraxtlar qurib yotgani aniqlandi va qonuniy chora ko‘rish talab qilindi. Partiya vakilining Kun.uz'ga bildirishicha, Yashnoboddagi “daraxtlar qabristoni” aybdorlari ham buning uchun “javob beradi”.

Foto: Ekologik partiya

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘ining investorlarga taqsimlab berilgan qismlarida daraxtlarning qurib qolishi va chiqindilar bilan to‘lib borayotgani bo‘yicha mas'ullardan qonuniy chora ko‘rishni talab qildi.

Partiya xabariga ko‘ra, bog‘dagi holat ekologiya inspektorlari, Shayxontohur tuman deputatlari va aholi vakillari bilan birga borib o‘rganilgan.

Foto: Ekologik partiya

Reyd davomida bog‘ning qarovsiz ahvoldaligi, bu yerdagi aksariyat manzarali daraxt va o‘simliklar o‘z vaqtida sug‘orilmagani oqibatida qurib qolgani, bu jarayon boshqa daraxt turlarida endi boshlanayotgani aniqlangan.

“Yanada achinarlisi, yaqin yillar davomida o‘z ko‘rki va chiroyi bilan insonlarni o‘ziga jalb qilgan mazkur bog‘ bugunga kelib, yong‘in kelib chiqishi mumkin bo‘lgan chiqindixonaga aylangan.

Bog‘dagi bunday holatning yanada achinarli tus olishiga yaqinda ushbu hududdagi avtomobillarni vaqtincha saqlash maydonida sodir bo‘lgan yong‘in ham sabab bo‘lgan.

Ekologik reyd natijasi bo‘yicha shu yerning o‘zida mas'ullar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirildi”, – deyiladi rasmiy relizda.

Foto: Ekologik partiya
Foto: Ekologik partiya
Foto: Ekologik partiya

“Yashillar” bayonotiga ko‘ra, shahardagi madaniyat va istirohat bog‘larining holatini o‘rganish bo‘yicha maxsus reja tuzilgan va shu asosda ekologik reydlar boshlangan.

Avvalroq Kun.uz Toshkentdagi qator istirohat bog‘lari yopiq holda, qarovsiz yotgani haqida maqola e'lon qilgandi.

Shuningdek, bir necha kun oldin shaharning Yashnobod tumanida paydo bo‘lgan “daraxtlar qabristoni” haqida xabar berildi. Tumanning Alimkent ko‘chasida ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlar qurib qolishi achinarli manzarani yuzaga keltirgan.

Ekopartiya mas'ul xodimining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Alimkent ko‘chasidagi holat yuzasidan protest kiritiladi, “bu ishni zimmasiga olgan tashkilot va mutasaddilar javob beradi”.

Afsuski, qarovsizlik oqibatida qurib borayotgan daraxtlar faqatgina bog‘larda emas. Poytaxtni yashillashtirish maqsadida 2021 yilning bahor mavsumida ekilgan 75 ming tup ko‘chatlarning 52 mingdan ortig‘i allaqachon suvsizlikdan qurib qolgan.

Top