13:30 / 15.03.2022
6548

2021 yilda qancha soliq imtiyozlari berilgani ma’lum qilindi

Soliq imtiyozlari summasining asosiy qismi QQS imtiyoziga to‘g‘ri kelmoqda. 2021 yilda 1,2 trln so‘mlik imtiyozlarni beruvchi qarorlar bekor qilingan.

Foto: Fotolia

Moliya vazirligi Davlat budjeti daromadlarining 2021 yildagi ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarni e’lon qildi. Undan 2021 yilda berilgan soliq imtiyozlari haqidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 8ta soliq turi bo‘yicha soliq imtiyozlari summasi 42,1 trln so‘mni, shu jumladan Soliq kodeksiga muvofiq – 33,0 trln so‘mni (78,4 foiz) tashkil qilgan. Kun.uz DSQ ma’lumotlari asosida 7ta soliq turi bo‘yicha 35 trln so‘mlik imtiyozlar berilganini ma’lum qilgandi (Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq kiritilmagani sababli 7 soliq turi olingandi). 

DSQ ma’lumotlari 2021 yilda 30,4 trln so‘mlik QQS imtiyozi berilganini ko‘rsatsa, Moliya vazirligi bergan ma’lumotlarda 35,6 trln so‘mlik imtiyozlar berilgani keltirilmoqda.

 

        

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatining 46ta qarorida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari amal qilish muddati tugadi, ular bo‘yicha imtiyozlar summasi 1,2 trln so‘mni tashkil qildi.

Soliq imtiyozlari umumiy hajmida QQS hisobiga 35,7 trln so‘m, shu jumladan 15,3 trln so‘m QQS bo‘yicha nol darajali stavkasiga (eksport, xalqaro tashishlar, qimmatbaho metallar realizatsiyasi) to‘g‘ri keladi. 

Shuningdek, vazirlik avvalroq tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan tijorat banklari QQSdan ozod qilingani yuzasidan ham munosabat berib ketgan.

“Soliq kodeksiga muvofiq QQS imtiyozlarini moliyaviy xizmatlar bo‘yicha tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari esa sug‘urta xizmatlari bo‘yicha qo‘llaydilar. 2021 yilda mazkur institutlarga berilgan imtiyozlar summasi 9,1 trln so‘mni tashkil qildi. Yuqoridagi instrumentlar soliqning tuzilmasi hisoblanadi va ko‘pgina mamlakatlarda soliq imtiyozlari sifatida qaralmaydi. Shu bilan birgalikda, moliyaviy xizmatlarga QQS solish xalqaro tajribada soliqni takomillashtirishning yangi yo‘nalishi hisoblanadi. O‘zbekistonda tijorat banklari 2022 yil 1 apreldan ushbu xizmatlardan qisman QQS to‘lay boshlaydilar”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, vazirlik relizida soliq imtiyozlarini soliq to‘lovchilarning o‘zlari ham, soliq agentlari ham qo‘llashi mumkinligiga urg‘u berilgan.

“Masalan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq majburiyatlari soliq agentlari tomonidan bajariladi. Shaxsan har bir jismoniy shaxs bo‘yicha hisoblangan va to‘langan daromadlar, qo‘llangan soliq imtiyozlari, hisoblab chiqarilgan, ushlab qolingan va budjetga o‘tkazilgan soliq hisobini yuritish vazifasi ularning zimmasiga yuklatilgan. Soliq kodeksida qayd etilgan hollarda soliq agentlarida QQS bo‘yicha ham xuddi shunday majburiyatlar yuzaga keladi”. 

Avvalroq, Kun.uz soliq imtiyozlari borasida ochiqlangan ma’lumotlar mundarijasi hali to‘liq emasligi haqida yozgandi.

2022 yil 17 yanvarda Soliq qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida DSQ raisi Sherzod Qudbiyev Artel, Uzbekistan Airways kabi kompaniyalarga berilgan soliq imtiyozlari sohani rivojlantirish uchun kerakligini aytgandi.

Top