Davlat soliq qo‘mitasi 2021 yil yakunlariga ko‘ra soliq imtiyozlari berilgan sub’yektlar bo‘yicha ma’lumotlarni yangiladi.

Kun.uz'ning mazkur ma’lumotlar asosidagi hisoblashlari o‘tgan yil davomida 53 561 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektga 7 ta soliq turi bo‘yicha 70 644 ta holatda jami 34,9 trln so‘mlik imtiyoz qo‘llanganini ko‘rsatmoqda.

Imtiyozlar summasining asosiy qismi qo‘shilgan qiymat solig‘iga to‘g‘ri keladi.

2021 yilda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan foydalanilgan soliq imtiyozlari
(Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlari asosida Kun.uz hisob-kitoblari)

34 trillion so‘mlik imtiyozlar: bu normalmi?

Yuqoridagi hisoblashlar barcha soliq turlari bo‘yicha qo‘llanilgan imtiyozlar natijasida 2021 yilda budjetga 34 trillion 91 milliardga yaqin soliq to‘lanmaganini ko‘rsatdi. Bu – o‘tgan yilgi YaIMning 4,6 foizini tashkil qiladi.

Yaqinda e’lon qilingan Global soliq xarajatlari ma’lumotlar bazasi (GTED) ma’lumotlariga ko‘ra, soliq imtiyozlari (yuridik shaxslar va uy xo‘jaliklari uchun yengilliklar, ayrim tovarlar va xizmatlar uchun stavkalarning maqsadli pasaytirilishi) natijasida undirilmagan mablag‘lar miqdori global miqyosda o‘zgarmay qolmoqda: so‘nggi 30 yil ichida dunyo miqyosida undirilmagan soliqlar qiymati global yalpi ichki mahsulotning 3,3 foizidan 4,9 foizigacha bo‘lgan. Bundan, O‘zbekistondagi soliq imtiyozlaridan natijasida undirilmagan mablag‘lar me’yori global miqyosga mosligini ko‘rish mumkin, biroq gap bunda emas.

VoxEU mutaxassislarining yozishicha, davlatlar soliq imtiyozlari haqida e’lon qiladigan  hisobotlarning sifati, muntazamligi va hajmi sezilarli darajada farq qiladi. Avstraliya va Marokash kabi ba’zi mamlakatlarda nafaqat individual soliq xarajatlari darajasidagi imtiyozlar (ya’ni budjetga tushishi mumkin bo‘lgan daromadlar) bo‘yicha hisob-kitoblar, balki soliq bazasi, soliq imtiyozlarining turi, qanday maqsadlarda berilgani va kompaniyaning benefitsiarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olgan to‘liq hujjatlar nashr etiladi.