07:26 / 01.10.2022
15181

Vazirlar Mahkamasida lavozim tayinlovi amalga oshirildi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tizimida yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasi

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Bekzod Shukurov Vazirlar Mahkamasi Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyatining Ommaviy kommunikatsiyalar va axborot ochiqligini ta’minlash sektori mudiri etib tayinlandi.

Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar u yuqoridagi kotibiyatda bosh mutaxassis lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Jamol Eshniyozov kotibiyat rahbarining agrar va oziq-ovqat tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan edi.

Shu yilning iyun oyi oxirida Shahobiddin Musayev Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati rahbari o‘rinbosari – Turizm, madaniyat va san’atni rivojlantirish sektori mudiri lavozimiga tayinlangan edi. Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar u Vazirlar Mahkamasi Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyatining ommaviy kommunikatsiyalar va axborot ochiqligini ta’minlash sektori mudiri lavozimida ishlab kelgan.

May oyida O‘tkir Jo‘rayev Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari kotibiyatining maktab va maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi islohotlarni tahlil va monitoring qilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi etib tayinlangan edi.

Shuningdek, Bunyod Mamayusupov Oila va xotin-qizlar masalalari kotibiyatining xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish va kasb-hunarga o‘rgatish, mahallalarda faol ayollar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi etib tayinlandi.

Mavzuga oid
Top