09:21 / 04.02.2023
3070

Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi o‘z missiyasini yakunlayapti

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov mamlakatda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Pokiston elchisi Sayid Ali Asad G‘iloniyni qabul qildi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oliy hamda yuqori darajadagi tadbirlar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Elchi Baxtiyor Saidovga Jyeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Pokiston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishining samarali natijalarini qayd etdi.

Pokiston bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘lib, bu soha so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashmoqda. 2022 yilda tovar ayirboshlash hajmi 131 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni 200 taga yetdi.

O‘zbekiston TIV rahbari elchining mamlakatdagi uch yillik faoliyati muvaffaqiyatli yakunlanganini qayd etib, davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Sayid Ali Asad G‘iloniy Pokistonning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatida har tomonlama yordam ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Top