20:08 / 07.02.2023
15992

Prezident inflatsiya darajasini 10 foizdan pastga tushirish topshirig‘ini berdi

Shavkat Mirziyoyev huzurida inflatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2023 yilda inflatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda qayd etilishicha, 2022 yil yakuni bilan O‘zbekistonda inflatsiya 12,3 foizni tashkil etgan. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qo‘llab, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilinmoqda.

Buning uchun iste’mol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni «daladan dasturxongacha» yetkazib berish xarajatlarini qisqartirib, arzon bo‘lishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish uchun aholiga ajratilgan jami 200 ming gektar yerdan unumli foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ushbu chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish uchun hududlar salohiyatidan kelib chiqib, har bir tuman va shahar bo‘yicha alohida «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, aholi daromadlarini oshirishda ularning bo‘sh pul mablag‘larini moliya bozoriga jalb qilish muhim ahamiyatga ega ekani, oxirgi uch yilda aholining bankdagi omonatlari 2 baravarga oshgani ta’kidlanib, jozibador moliyaviy xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Top