14:08 / 08.02.2023
21655

Namanganda idoralararo ishchi guruh prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlamoqda

3 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida bo‘lib, aholi hamda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga qator topshiriqlar bergandi. Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan ana shu topshiriqlarining ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Foto: IIV axborot xizmati

IIV axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, viloyatdagi og‘riqli masalalarni o‘rganish davomida asosiy e’tibor aholining ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, huquqni muhofaza qilish va kommunal sohadagi muammolarini aniqlash va bartaraf etish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish hamda yo‘llarda inson xavfsizligi uchun munosib sharoitlarni yaratish va ularning infratuzilmasini takomillashtirish masalalariga qaratilmoqda.

Foto: IIV axborot xizmati

Jumladan, ishchi guruhning sa’y-harakatlari bilan mavjud zaxira hisobidan Namangan viloyati hududida jami 6769 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballon va 75 tonnadan ziyod ko‘mir yetkazilib, aholining kommunal sohadagi ehtiyojlariga ko‘maklashilgan.

Iste’mol bozorlaridagi narx-navo barqarorligini ta’minlash, oziq-ovqat zaxiralarini jamlash hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Namangan shahri va Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on, Chust, Pop tumanlarining dehqon bozorlari hududlarida hamda olis tumanlarda alohida, jami 94 ta arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etilib, ular 109 tonna kundalik iste’mol tovarlari bilan ta’minlangan.

Foto: IIV axborot xizmati

Aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, mazkur savdo yarmarkalariga 19 ta chorvachilik, 6 ta baliqchilik, 16 ta parrandachilik, 47 ta meva-sabzavotchilik xo‘jaliklari hamda 6 nafar qassoblar qo‘shimcha jalb etish choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, o‘z mahsulotini to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish istagida bo‘lgan jami besh yuzdan ziyod tomorqa yer egalariga o‘z mahallalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun savdo rastalari tashkil etishga ko‘maklashilgan.

Foto: IIV axborot xizmati

Ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlik, yoshlar va ayollarning tashabbuskor loyihalariga ko‘maklashish maqsadida viloyat hududida joylashgan barcha monomarkazlar va mehnat bozorlarining samaradorligi tanqidiy o‘rganilib, qo‘shimcha imkoniyatlarni jalb etish natijasida 54 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan, 17 nafari kasbga o‘qitishga yuborilgan, 10 nafariga subsidiya ajratilgan hamda 5 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. Shu bilan birga 303 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilish orqali mehnatga jalb etilgan.

Foto: IIV axborot xizmati

Mahalallarda aholining murojaatlari bilan ishlash ahvoli va ularni qanoatlantirish darajasi tanqidiy o‘rganilib, aholi qulayligi uchun jami 15 ta olis mahallalarda 23 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish punktlari tashkil etilgan. Fuqarolarning shikoyatlaridan kelib chiqib, 25 nafar tadbirkorning faoliyatini tiklashga ko‘maklashilgan, aliment to‘lovchi 2 nafar qarzdor ishga joylashtirilgan, qarzdorlardan 333 mln so‘mlik aliment puli undirish choralari ko‘rilgan, 155 ta nizoli oilalarning maishiy muammolari bartaraf etilib, 13 nafar ayolga “himoya order”lari rasmiylashtirilgan.

Ishchi guruh tarkibidagi Milliy gvardiya Namangan viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan hududlardagi 17 ta obekt, 18 ta xonadon va savdo shoxobchasi, 14 ta do‘kon va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish obektlari qo‘riqlovga olingan. O‘tkazilgan targ‘ibot ishlari natijasida 20 ta ta’lim muassasasi, 46 ta savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasiga 66 ta videokamera o‘rnatilib, tezkor vaziyatlar markaziga integratsiya qilingan.

Foto: IIV axborot xizmati

Viloyat hududida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchi va haydovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida Namangan shahar, Kosonsoy Chust, Pop, Davlatobod va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida qo‘shimcha ravishda 16 ta svetofor va 46 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi, 650 metr piyodalar yo‘lagi va 12 km yo‘l chiziqlarini yotqizish kabi ishlar amalga oshirildi.

 

Top