20:00 / 10.02.2023
14714

Havoning iflosligi sabab toshkentliklar yiliga 503 ta sigareta chekkandek bo‘lyapti

Toshkentda havo sifatining yomonligi shahar aholisining salomatligiga xuddi yiliga 503 ta sigareta chekkan kabi salbiy ta’sir qiladi. Iflos havo odamlar sog‘ligiga eng ko‘p zarar keltiradigan 20 ta yirik shahar orasida O‘zbekiston poytaxti 16-o‘rinni egalladi.

Foto: Kun.uz

Toshkentda havoning iflosligi shahar aholisining sog‘ligiga xuddi yiliga 503 dona sigareta chekkan kabi ta’sir qiladi. Bu haqda House Fresh nomli havo sifati bo‘yicha xalqaro jamoatchilik loyihasining hisobotida aytib o‘tilgan.

Loyiha dunyoda havo sifati eng yomon 20 ta katta shaharga e’tibor qaratib, bu yerlarda yashovchilarning salomatligiga havo iflosligi sabab yetadigan zararni tamaki mahsulotlarini chekish miqdoriga taqqoslagan. Buning uchun Berkeley Earth formulasidan foydalanilgan. Formula havodagi PM2,5 zarralarining salomatlikka ta’sirini chekilgan sigaretalar ta’siri bilan qiyoslaydi. Unga ko‘ra, bir dona sigaretaning zarari havodagi PM2,5 ning miqdori 22 mkg/m3 bo‘lishiga to‘g‘ri keladi.

Infografika: House Fresh

Reytingda birinchi o‘rin (eng salbiy ko‘rsatkich) Bangladesh poytaxti Dakka shahriga to‘g‘ri kelgan. Bu yerda yashovchilar havoning iflosligi sabab yiliga bilvosita 1176 ta sigareta chekkandek bo‘ladi.

Toshkent 16-o‘rinda – Indoneziya poytaxti Jakarta va Qozog‘istonning eng yirik shahri Olmaotaning o‘rtasida qayd etilgan.

Foto: House Fresh

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston poytaxti havo sifatining yomonligi bo‘yicha IQAir reytingida dunyo shaharlari orasida tez-tez birinchi o‘ringa chiqib turadi.

“O‘zgidromet” buning sabablari qatorida shaharda transportlarning ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, shuningdek, daraxtlarni kesish, maysazorlar va magistral yo‘llarning keng ko‘lamda sug‘orilishining yo‘qligini sanab o‘tgan.

Meteorologlar shaharda avtomobil yo‘llariga suv sepish va tozalash, qurilish obektlarida changni kamaytirish, chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish, shaharni ko‘kalamzorlashtirishga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirib keladi.

Top