10:24 / 20.02.2023
4970

«Navalniy» filmi Britaniyaning BAFTA mukofotiga sazovor bo‘ldi

Rossiyalik siyosatchining zaharlanishi haqidagi hujjatli film «Eng yaxshi hujjatli film» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

Foto: AP

«Navalniy» hujjatli filmi Britaniya kino va televideniye san’ati akademiyasining (BAFTA) «Eng yaxshi hujjatli film» nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Mukofotlarni topshirish marosimi 19 fevral, yakshanba kuni Londondagi Qirollik festival-hollda bo‘lib o‘tdi.

Kanadalik rejissyor Deniyel Roerning filmi 2020 yil avgust oyida rossiyalik muxolifatchining zaharlanishi, uning davolanishi, komadan chiqqani va siyosatchining o‘zi zaharlanish holatlarini o‘rganishi haqida hikoya qiladi. Film Navalniyning Rossiyaga qaytishi, u yerda hibsga olingani, «Iv Roshe» ishi bo‘yicha sudlangani va koloniyaga jo‘natilgani bilan yakunlanadi.

Filmning premerasi 2022 yil yanvar oyida «Sandens» kinofestivalida bo‘lib o‘tdi, u yerda film tomoshabinlar mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2022 yil dekabr oyida film Amerikaning Cinema Eye Honors tanlovida ikkita mukofotga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, u 12 mart kuni topshiriladigan Amerika kino san’ati akademiyasining («Oskar») mukofotlari uchun nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Top