Triller elementlari bölgan «Oppengeymer» biografik filmi Britaniya kino va televideniye san’ati akademiyasining (BAFTA) yettita nominatsiyasida ğolib çiqdi. Taqdirlaş marosimi 18 fevral, yakşanba kuni Londonda bölib ötdi.
«Oppengeymer» 2023 yilning eng yaxşi filmi deb topildi va uning yaratuvçisi Kristofer Nolan «Eng yaxşi rejissyor» nominatsiyasida ğolib çiqdi. Atom bombasi yaratuvçisi Robert Oppengeymer rolini ijro etgan irlandiyalik Killian Merfi eng yaxşi aktyor deb tan olindi, filmda amerikalik biznesmen Lyuis Ştrauss obrazini yaratgan kiçik Robert Dauni esa «Eng yaxşi ikkinçi plandagi aktyor» mukofoti bilan taqdirlandi. Bundan taşqari, Nolanning 13 yönaliş böyiça nominatsiyaga kiritilgan ijodi eng yaxşi operatorlik işi, eng yaxşi montaj va eng yaxşi film musiqasi uçun mukofotlarga sazovor böldi.
«Beçora baxtsizlar» beşta haykalça oldi
Arizona ştatidan bölgan Emma Stoun Yorgos Lantimosning «Beçora baxtsizlar» filmidagi roli uçun eng yaxşi aktrisa deb topildi. Uşbu film, şuningdek, eng yaxşi böyaniş va soç turmagi, eng yaxşi kostyum dizayni, eng yaxşi vizual effektlar va eng yaxşi rassom işi uçun nominatsiyalarda ğolib çiqdi. Stoun allaqaçon «La-La Lend» musiqiy filmi uçun uşbu nominatsiyada mukofotni qölga kiritgan.
Ikkinçi plandagi eng yaxşi ayol roli uçun mukofot Aleksandr Peynning «Qolganlar» komediya-dramasida boş rolni ijro etgan amerikalik Davayn Joy Rendolfga berildi. Eng yaxşi original ssenariy mukofoti fransuzlar Artur Arari va Jyustin Triyega «Qulaş anatomiyasi» dramasi uçun topşirildi.
Qamal qilingan Mariupol haqidagi film uçun mukofot
«Eng yaxşi hujjatli film» nominatsiyasida ğoliblik «Mariupolda 20 kun» filmi uçun ukrainalik Mstislav Çernovga nasib etdi. Xayao Miyazakining «Bola va quş» töliq metrajli kartinasi eng yaxşi animatsion film deb topildi.
BAFTA tarixida birinçi marta «Eng yaxşi Britaniya filmi» va «Eng yaxşi ingliz tilida bölmagan film» nominatsiyalari ğolibi bitta kartina – Jonatan Gleyzerning «Qiziqiş zonasi» dramasi böldi. Şuningdek, u eng yaxşi ovoz uçun mukofotni oldi.








