18:12 / 21.06.2018
16597

Majburiy mehnat nima? Toshkentda seminar-trening bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston milliy qonunchiligi va xalqaro huquqda “majburiy mehnat” atamasi qanday izohlangan? Buning uchun belgilangan jarima va jazo nimalardan iborat? Uni aniqlashda yordamchi indikatorlar bormi? O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyada bo‘lib o‘tgan seminar-treningda ayni shu kabi savollarga javob berildi. 

O‘zKUF xodimi Xushnudbek Xudayberdiyev “majburiy mehnat” tushunchasining milliy qonunchilikdagi huquqiy izohiga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining alohida bir moddasi bilan bu narsa taqiqlanganini bildirdi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida quyidagi qoidalar belgilangan:

«Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.

Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi”.

Qolaversa, Mehnat kodeksining 7-moddasiga binoan, biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarish tushuniladi.

Bundan tashqari, “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida:
 
“Majburiy mehnat, ya'ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno”, - deyiladi.

Shu bilan birga, X.Xudayberdiyev qaysi holatlar qonunchilik bo‘yicha majburiy mehnat sirasiga ham kirmasligini ma'lum qildi. Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagi ishlar majburiy mehnat hisoblanmaydi:

-  harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida;
-  favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda;
-  sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan;
-  qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.

Bundan tashqari, ma'ruzachi milliy qonunchilikda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ham so‘z yuritib, Mehnat kodeksining “qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi” – degan tushunchasini o‘zgartirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan taklif bildirilayotganini ta'kidladi.

XMTning O‘zbekistondagi katta texnik maslahatchisi Yonas Astrup, ayrim hollarda, voyaga yetmaganlarning uy ishlarida yordam berishi ham bolalar mehnati yoki majburiy mehnat sifatida baholanayotgani, biroq farzandning oilasiga o‘z xohishi bo‘yicha uy yumushlarida yordam berishi kabilar xalqaro huquq doirasida majburiy yoki bolalar mehnati sifatida baholanmasligiga oydinlik kiritdi. 

“Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalariga uy yumushlarida ko‘mak berishi barcha davlatlar, xususan G‘arb mamlakatlarida ham kuzatiladigan holatdir. Buni majburiy mehnat bilan aralashtirmaslik kerak. Bundan tashqari, har bir fuqaro, u byudjyet tashkilotida ishlaydimi, yo boshqa joyda farqi yo‘q, ishidan bo‘sh vaqtlarida o‘zi xohlagan ishi bilan shug‘ullanishga haqli. Bu uning huquqi. Byudjyet tashkiloti vakili, deb ularni bu huquqdan, mehnat qilib, daromad qilish huquqidan ham mahrum qilish noto‘g‘ri”, - dedi Yonas Astrup.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, IIV, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Odam savdosi va majburiy mehnatga doir holatlarni aniqlash hamda surishtirish” masalalariga bag‘ishlandi. Seminar-treningda Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi texnik mulozimi Yonas Astrup ham ishtirok etdi. 

Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Maxmadaliyevning bildirishicha,  XMTning 107-sessiyasida tashkilot bosh kotibi Gay Rayder O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini tartibga solish, bu boradagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida qilinayotgan ishlar tahsinga loyiq ekanini bildirgan. Tadbirda ishtirok etgan Yonas Astrup Gay Rayderning shu yil dekabr oyida O‘zbekistonga kelishini ma'lum qildi. 

Top